Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisiga ikki o‘rinbosar saylandi
16:59 / 2022-01-29

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi o‘tkazildi.

 ZOOM platformasida onlayn tarzda o‘tgan yig‘ilish kun tartibidan ikki masala o‘rin oldi: O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga ikki nafar rais o‘rinbosari hamda federatsiyaning Sirdaryo va Andijon viloyatlari bo‘limlariga yangi rahbar saylash.

Konferensiyada Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining hududiy bo‘lim mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbirda Sherzod Toshmatov o‘zbek dzyudosining rivoji haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

–O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan barcha yo‘nalishlardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayman. Federatsiya rahbariyati birinchi galda tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, kadrlar, tashkiliy masalalarga jiddiy e’tibor qaratadi. Ishonchim komil, bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermay qolmaydi. Asosiy vazifalardan biri Toshkent mezbonligida o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish. Buning uchun federatsiyada kuchli va katta jamoa bo‘lishi kerak. O‘z o‘rnida MOQ ham bu tashabbuslarga ko‘makchi bo‘ladi, – dedi Sh.Toshmatov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisiga ikki o‘rinbosar saylandi. Konferensiya qatnashchilari bir ovozdan ushbu lavozim uchun ilgari surilgan Shuhrat Ochilov va Shokir Mo‘minov nomzodlarini ma’qullashdi. Shuhrat Ochilov shu kungacha O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi raisi, shuningdek, Buxoro tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori lavozimlarida ishlab kelayotgan edi. Shokir Mo‘minovni esa yaxshi dzyudochi sifatida bilamiz. U 2006 yilgi Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibi, uch karra Osiyo chempionati sovrindori hisoblanadi.

Shundan so‘ng konferensiyadan o‘rin olgan ikkinchi masala –O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining Sirdaryo va Andijon viloyati bo‘limlariga rais saylandi. Delegatlar mos ravishda Andijon viloyati hokimligining moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Sardorbek Rahmonov hamda Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadaboyevni mamlakat dzyudo federatsiyasining bu ikki viloyat bo‘limi rahbarligiga saylashdi.

O‘z o‘rnida Azizjon Komilov yangi lavozimga saylangan mutasaddilar haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

–Shuhrat Ochilov va Shokir Mo‘minov haqida iliq fikr bildira olaman. Shuhrat aka Buxoro viloyati dzyudosiga rahbar etib tayinlanganlaridan so‘ng ijobiy tomonga o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Buni natijalar ham tasdiqlab turibdi. Shokir Mo‘minov esa dzyudoda aytishga arzigulik yutuqlarga erishgan. Umid qilamanki, u rahbarlik salohiyatini ham ishga sola biladi. Birgalikda o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarib, ko‘zlangan maqsadga erishamiz. Yaqin kunlarda biz barcha viloyatlar qatori Andijon va Sirdaryoga ham borishni rejaga kiritganmiz. Bu ikki viloyatda ham shu kunlarda Xalq ta’limi vazirligi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan dzyudo zali bunyod etilyapti. Shu kungacha Samarqand, Qo‘qon va Toshkent shahrida ana shunday zamonaviy dzyudo zallari foydalanishga topshirildi. Maqsadimiz – Sirdaryo va Andijon viloyatlarini ham juda qisqa fursatda dzyudosi rivojlangan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand kabi viloyatlarimiz qatoriga qo‘shish, – dedi Azizjon Komilov.

Tadbir yakunida joriy mavsum uchun qo‘yilgan rejalar yana bir bor muhokama qilinib, ishtirokchilar yangi lavozimga saylangan mutasaddilarning faoliyatiga omad tilashdi, – deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

O‘zA