Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston dizaynerlari ilk bor “London Design Biennale”da ishtirok etadi
16:40 / 2025-05-26

Joriy yilning 5 iyun kuni Londonda “London Design Biennale” nufuzli xalqaro dizayn ko‘rgazmasi o‘z faoliyatini boshlaydi.

Bu haqda mazkur xalqaro ko‘rgazmaning O‘zbekiston dizayni “The Once and Future Garden” (“O‘tgan va kelajak bog‘i”) nomli paviloni assistent-kuratori Alsu Axmetzyanova quyidagilarni ma’lum qildi: 

– Darhaqiqat, “London Design Biennale” nufuzli xalqaro dizayn ko‘rgazmasining beshinchi soni 5 iyun kuni ochiladi va u uch hafta davom etadi. Unda O‘zbekiston dizaynerlari “The Once and Future Garden” (“O‘tgan va kelajak bog‘i”) deb nomlangan milliy pavilonini taqdim etadi. 

Ushbu pavilonda Madina Qosimboyeva, Tigran Erdman, Timur Parmanov, Nigora Hoshimova kabi o‘zbek dizayn ustalarining ijod namunalari namoyish etiladi. 

Xususan, Madina Qosimboyeva 2006 yilda “Suzani by Kasimbaeva” nomli studiyasiga asos solgan. Uning mashhur kashtachilik ishlari xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan va Buyuk Britaniya muzeyining doimiy kolleksiyasiga kiritilgan. Nigora Hoshimova esa o‘z nomidagi moda brendini 2013 yilda yaratgan bo‘lib, uning jozibali dizaynlari Moskva va Milanning moda ko‘rgazmalarida havola etilgan. Tigran Erdman va Timur Parmanov esa Parijda hamda Milandagi nufuzli “Salone del Mobile” ko‘rgazmasi ishtirokchisi bo‘lgan innovatsion mebel dizaynerlaridir. 

O‘zbekiston nomidan London dizayn biyennalesida ishtirok etish – bu bizning merosimizni ulashish va mavjud tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqish uchun muhim imkoniyatdir. Pavilon dizayni sakkizburchak shaklda yaratilgan bo‘lib, u Temuriylar bog‘larining markazida joylashgan ochiq havo pavilonlarini eslatadi. 

Shuningdek, pavilonda taniqli britaniyalik shisha rassomi Rut Shelli ham ishtirok etadi. Shelli 2023 yilda O‘zbekistonning Marg‘ilon shahriga sayohat qilib, butun mamlakat bo‘ylab hunarmandlar bilan uchrashgan. Ushbu tashrif unga o‘zbek ikkat (atlas) naqshlaridan ilhomlanib, shisha idishlar kolleksiyasini yaratishga undadi. Bu o‘zbek dizayn motivlari xalqaro san’atkorlar ijodiga qanday ta’sir qilayotganining yorqin namunasidir. 

Biyennale Londondagi tarixiy “Somerset House” yirik madaniy markazda bo‘lib o‘tadi. Unda 40 dan ortiq pavilon tashkil etiladi. Ularda O‘zbekiston qatorida Argentina, Ozarbayjon, Chili, Polsha, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi mamlakatlarning taniqli dizaynerlari o‘z imkoniyatlarini namoyish etadi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA