O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni ostida mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va konsullik muassasalaridagi faoliyatini yoritishda davom etadi. Bunda mamlakatimiz elchilari tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, siyosiy aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va xalqaro maydonda milliy manfaatlarimizni ilgari surish borasida olib borilayotgan ishlar tahliliga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu rukndagi materiallar diplomatik missiyalarimizning investitsiyalarni jalb qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni kuchaytirishga qo‘shayotgan hissasini yoritishga qaratilgan.

Abha. O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov Abhadagi Qirol Xolid universiteti rektori, doktor Falix ibn Rajalloh al-Salmiy bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi doirasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Saudiya Arabistoni vakili hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Universitetda 60 mingga yaqin, shu jumladan 2500 nafar xorijiy talaba tahsil oladi. Bu yerda arab tilini o‘rganish va xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Abu-Dabi. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Abdulaziz Oqqulov “UAE University” prorektori, professor Ahmad Ali Alraisiy bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, O‘zbekistonda universitetning filialini ochish, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma dastur hamda qishloq xo‘jaligi va ekologiya bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tomonlar BAA universiteti Qishloq xo‘jaligi va veterinariya kolleji, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda takdqiqot dasturini amalga oshirish, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda iqtisodiyot va biznes yo‘nalishidagi talabalar uchun BAAda 10 kunlik stajirovkalarni tashkil qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Rim. O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Venetsiyadagi Ka’Foskari universiteti rektori Titsiana Lippella bilan onlayn-uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar 2026 yilning boshida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Italiya ta’lim forumiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Ka’Foskari universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida “Marko Poloning sayohati” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari yakunlangani, Toshkentda uning taqdimoti o‘tkazilishi aytib o‘tildi.
Tokio. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov ushbu mamlakat Parlamenti Vakillar palatasi deputati, Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi bosh kotibi Yasutosi Nisimura bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim, turizm kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bosh kotib bu borada amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Riga. Latviyada 4 sentyabr kuni boshlangan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Rigada birinchi O‘zbekiston-Latviya rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning 50 dan ortiq yetakchi universitetlari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Latviya ta’lim va fan vaziri Datse Melbarde ochib berdi.
Forumda birgalikda uslubiy va amaliy dasturlarni tayyorlash, talabalar almashinuvi, diplomlarni o‘zaro tan olish amaliyotini joriy qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’lim jarayonida axborot texnologiyalarida keng foydalanish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga yangicha yondashuvlar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, forumda bakalavriat, magistratura, aspirantura, doktorantura bosqichlarida ilmiy-pedagogik va boshqaruv xodimlari o‘rtasidagi almashinuv, ilmiy, akademik va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, tadqiqot loyihalari uchun Latviya va Yevropa Ittifoqining grant mablag‘larini jalb qilishni ko‘zda tutadigan 30 dan ziyod tegishli kelishuv imzolandi.
Leypsig. Germaniyaning Leypsig shahridagi Hunarmandlar palatasi o‘quv-texnologik markazida Qashqadaryo viloyati politexnikumlari o‘qituvchilariga malaka oshirish sertifikatlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Germaniya standartlari bo‘yicha kasbiy o‘qitishga qaratilgan mazkur loyiha doirasida viloyatdagi tanlab olingan 6 ta politexnikumlarning 24 nafar o‘qituvchilari ikki oylik malaka oshirish kursida o‘qishdi. Endi ular ushbu xalqaro darajadagi malaka sertifikati bilan yoshlarga “qurilish” va “metallar texnologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim beradi.

Loyihaga ko‘ra, Germaniya kasbiy malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga ushbu mamlakatda ishlash huquqini beruvchi diplom topshiriladi.
Bryussel. O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida mamlakatimiz mustaqilligining 34-yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul bo‘lib o‘tdi. Unda 250 dan ortiq mehmon, shu jumladan Benilyuks va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari siyosatchilari, ekspertlari, ishbilarmon doira vakillari, diplomatik korpus a’zolari, Yevropaning yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Tadbirda ichki siyosatning ustuvor yo‘nalishlari – ta’lim sohasini rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, odil sudlovni ta’minlash, sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish va eklogik barqarorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar kengayib borayotgani alohida qayd etildi. O‘zaro ishonchning ortib borayotgani, siyosiy muloqot, iqtisodiy va madaniy hamkorlik faollashgani ta’kidlandi. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va Benilyuks mamlakatlari bilan strategik sherikligi yanada chuqurlashishiga ishonch bildirildi.
Aziza Alimova, O‘zA