Janubiy Koreyada tashkil etilgan mazkur olimpiadada mamlakatimiz sharafini Toshkent shahridagi Prezident maktabi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari himoya qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tgan XIX Xalqaro Standartlar Olimpiadasida (ISO - International Standards Olympiad) ishtirok etdi. Qayd etish joiz, bu yil mamlakatimiz yoshlari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari bilan birgalikda ilk marotaba mazkur nufuzli musobaqada qatnashdi.

Olimpiadada mamlakatimiz sharafini Toshkent shahridagi Prezident maktabi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari himoya qildi. Natijada, Prezident maktabi jamoasi olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritib, yuksak natijaga erishdi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab o‘quvchilari esa kumush medal bilan taqdirlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmati.

Xalqaro Standartlar Olimpiadasi o‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan nufuzli musobaqadir. Turnir dastlab 2014 yilda sinov tariqasida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2015 yildan boshlab u rasman xalqaro olimpiada maqomini oldi.
Mazkur musobaqada ishtirok etgan o‘zbekistonlik yoshlarning yutuqlari mamlakatimizda xalqaro miqyosda bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishda yangi marralarga erishayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Umidjon Qurbonov tayyorladi, O‘zA