Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoydagi “aqlli zavod” faoliyati bilan tanishdi
14:21 / 2025-06-03

Yaqinda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Xitoyda bo‘ldi.

Tashrif doirasida delegatsiya Xanchjou shahrida joylashgan “SUPCON Technology” kompaniyasi ishlab chiqarish bazasi faoliyati bilan tanishdi. 

Ta’kidlash kerakki, dunyoda avtomatlashtirish va intellektual yechimlar sohasida yetakchi brend sifatida e’tirof etilgan mazkur kompaniyaning zavodi to‘liq raqamlashgan va robotlashtirilgan holda faoliyat yuritadi. Bu yerda delegatsiyaga “SUPCON” tomonidan joriy etilgan zamonaviy texnologik jarayonlar, yuqori darajada avtomatlashtirilgan tizimlar hamda sanoatni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilg‘or yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu zavod 69 ming kvadrat metr maydonni egallab, undagi barcha ishlov jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Kalibrlash, yig‘ish, logistika, ombor xo‘jaligida yuklarni tashish kabi vazifalarni avtonom robotlar mustaqil amalga oshiradi. Kompaniya ishlab chiqarishda inson omillarini minimal darajaga tushiradigan robotlashtirilgan maxsus liniyalardan foydalanadi.

Delegatsiya a’zolariga harorat, bosim va oqimni aniq o‘lchaydigan intellektual datchiklar, zamonaviy asbob-uskunalar hamda to‘liq raqamlashtirilgan zavodni boshqarishga xizmat qiluvchi “supOS” operatsion tizimi namoyish qilindi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti boshlig‘i In’om Norqulovning ta’kidlashicha, Xitoyning “aqlli zavod”ida bo‘lish imkoniyati sanoat avtomatlashuvi va raqamli texnologiyalar sohasidagi yangi bilim va tajribalarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etdi.

– Ushbu “SUPCON Technology” kompaniyasi faoliyati bilan tanishuv avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, zamonaviy raqamli yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qo‘shma loyihalar orqali sanoatni raqamlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish niyatimiz bor. Shuningdek, tashrif chog‘ida bizga xavfli ish sharoitida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan inspektor robotlar, avtomatlashtirilgan laboratoriyalar hamda sun’iy intellekt asosida profilaktik xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan yangi avlod yechimlari taqdim etildi. Bunday texnologik yondashuvlar xavfsizlik va samaradorlikni bir vaqtning o‘zida ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi I.Norqulov.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, sanoat avtomatlashuvi, raqamli transformatsiya va xavfsizlikni ta’minlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. 

N.Ziyodullayeva,

O‘zA