Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston delegatsiyasi Venada XAEAning 69-bosh konferensiyasida ishtirok etmoqda
19:35 / 2025-09-15

O‘zbekiston yadro energetikasi va xavfsizligini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda strategik hamkorlikni kengaytirish masalalariga katta ahamiyat qaratib kelmoqda. Bu yo‘nalishda mamlakatimiz Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan yaqin hamkorlik qilib, milliy manfaatlar va global barqarorlik uchun muhim qadamlar tashlamoqda.

Shu kunlarda Vena shahrida o‘tkazilayotgan XAEAning 69-bosh konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtirok etishi ham ana shu maqsadlarga qaratilgan.

Ushbu konferensiya a’zo davlatlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan, yadro energetikasi, ilm-fan, texnologiya va xavfsizlik sohasida muhim qarorlar qabul qilinadigan asosiy xalqaro maydon hisoblanadi.

Anjumanda 170 dan ortiq a’zo davlat vakillari qatnashmoqda. Ular agentlik faoliyatining asosiy masalalarini muhokama qilmoqda. Jumladan, 2024 yil yakunlari bo‘yicha hisobot, 2026 yilga mo‘ljallangan byudjet, yadro fani va texnologiyasini rivojlantirish istiqbollari hamda global yadro xavfsizligi masalalari kun tartibiga kiritilgan.

Shuningdek, konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining XAEA rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlari rejalashtirilgan. Xususan, XAEA bosh direktori o‘rinbosari Lyu Xua bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy loyihalar holati, mavjud muammoli masalalar va ularni hal qilish yo‘llari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham qator uchrashuvlar belgilangan.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi axborot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekistonning mazkur nufuzli xalqaro anjumanda ishtiroki mamlakatimiz yadro sohasidagi strategiyasi, ilmiy-texnikaviy salohiyati va xavfsizlikka qaratilgan qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi. Bu esa kelgusida ham milliy manfaatlar, ham jahon miqyosida barqaror va xavfsiz rivojlanishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA