Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Yan Knutsson bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va mazmuni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston-Shvetsiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shvetsiya Davlat kotibi O‘zbekistonning Stokgolmda elchixonasi ochilganidan so‘ng oliy darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasining qirollikka ilk rasmiy tashrifini qutladi. Uning fikricha, ushbu tashrif ikki tomonlama siyosiy va parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish va mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining joriy yilda O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA