O‘zbekiston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi ishlar vazirlari 3-uchrashuvida ishtirok etadi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ertaga Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.
Bu haqda mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbir davomida tomonlar diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan joriy yil 25 yanvarda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” onlayn sammitida davlatlar rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish yo‘llari, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.
Tashrif doirasida delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.
O‘zA