Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulda xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etmoqda
18:10 / 2025-11-19

Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi tomonidan tashkil etilgan “Imom Abu Hanifa" 4-milliy va xalqaro ko‘rgazma-savdo yarmarkasi” Kobul shahrida tantanali ravishda ochildi. Mintaqadagi eng yirik iqtisodiy platformalardan biri hisoblangan mazkur tadbir ishtirokchilarga haftalik biznes muloqoti, savdo almashinuvi va yangi hamkorlar topish uchun keng imkoniyat yaratadi.

90 nafardan ziyod tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan O‘zbekiston delegatsiyasiga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchilik qilmoqda.  

Yurtdoshlarimiz “Made in Uzbekistan” milliy stendi orqali mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan turli xil mahsulotlarni namoyish etmoqda: jumladan qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, kon-metallurgiya, elektrotexnika,  avtomobilsozlik mahsulotlari, tibbiy uskuna va dorivor vositalar, to‘qima va tayyor kiyim-kechak, turizm va ta’lim xizmati.  

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy tahlil maydonida ishtirokchilar yangi bozor tendensiyalari, raqobat muhiti, eksport salohiyati, mahsulotning o‘rtacha narxi diapazoni va investorlar uchun qulay shartlar haqida ma’lumot almashmoqda. Shu bilan birga keng ko‘lamli B2B uchrashuvlar, ishbilarmonlar forumi va savdo muzokaralari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Bu orqali tadbirkorlarimiz yangi sheriklar topish, afg‘on biznesi bilan kooperatsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish va eksport hajmini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Ko‘rgazma 23 noyabrga qadar davom etadi.

M.Pirmatova, O‘zA