Jahon bozorida adolatli raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish har bir davlatning iqtisodiy barqarorligi va jamiyat farovonligining asosiy tayanchi sanaladi. Bu masala nafaqat milliy darajada, balki xalqaro miqyosda ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 7–11 iyul kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Savdo va taraqqiyot bo‘yicha Konferensiyasi (UNCTAD) tashabbusi bilan BMTning cheklovchi biznes amaliyotlarini nazorat qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishilgan teng huquqli tamoyillar va qoidalar to‘plamining barcha jihatlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan 9-Yillik konferensiyasi o‘tkazildi.

Ushbu xalqaro konferensiyada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Tadbirga UNCTAD'ning Raqobat va iste’molchilik siyosati departamenti direktori Tereza Moreyra rahbarlik qilmoqda.
Konferensiyada raqobatning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdagi ahamiyati, raqobat organlarining texnologik o‘zgarishlarga moslashuvi, global chaqiriqlar sharoitida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari kabi mavzular kun tartibiga qo‘yilgan.

Dastlabki kungi uchrashuvlarda Qo‘mita delegatsiyasi bir nechta tadbirlarda ishtirok etdi. Elektron tijoratda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi va hisobot sessiyasi, BMT tomonidan ishlab chiqilgan raqobatga qarshi amaliyotlarni nazorat qilish tamoyillarini implementatsiya qilish bo‘yicha sessiyalari shular jumlasidan.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur xalqaro konferensiyadagi ishtiroki mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqamli bozorlar va platformalarni tartibga solish sohasidagi islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi tadbirlar milliy iqtisodiyotni shaffof va raqobatbardosh qilish, iste’molchilar manfaatlarini to‘liq ta’minlash yo‘lida amaliy qadamlar tashlashga xizmat qiladi. Qisqa qilib aytganda, xalqaro konferensiya natijalari har bir ishtirokchi davlat uchun yangi yondashuvlar, samarali yechimlar va kelajakdagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA