Shu kunlarda Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida MDHga a’zo davlatlar o‘qituvchilari va ta’lim xodimlarining VI s’ezdi o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti boshchiligida mamlakatimiz vakillari ham ishtirok etmoqda.

Ta’lim sohasida davlatlararo dasturlar va hamkorlik rejalarini tasdiqlash, ilmiy-pedagogik xodimlar o‘rtasida o‘zaro almashinuv ishlarini kengaytirishga qaratilgan mazkur anjumanda O‘zbekistondagi o‘qituvchilar maqomini ko‘tarish, yaratilayotgan yangi darsliklar va ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham so‘z bordi. Sho‘’balarda ta’lim tizimida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar, yangi loyihalar muhokama qilindi.
– A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish uchun "Uzluksiz kasbiy ta’lim" elektron platformasini ishga tushirgan, – deydi institut direktorining o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva. – Mana shu yangilikning qulayliklari, unda malaka oshirish afzalliklari va o‘qituvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berdik. Raqamlashtirish davrida o‘qituvchilar malakasini oshirishni qo‘llab-quvvatlash bugun muhim ahamiyat kasb etib turibdi. Bu jiddiy va muhim qadam.

Anjumanda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar ta’lim sohasidagi hamkorligining huquqiy va tashkiliy asoslarini mustahkamlash, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, milliy ta’lim tizimi yutuqlarini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim olish qulayligi va sifatli ta’lim usullarini aniqlash, o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, adabiy aloqalarga doir tajriba almashishga imkon yaratildi.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari Tojikiston Respublikasiga safari davomida ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim tizimi integratsiyasini yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini belgilab oldi.
O‘zA