French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston delegatsiyasi Dubayda
21:09 / 2023-07-28

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Nozimaxon Davletova boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarida “Dubay ayollar va bolalar jamg‘armasi” tomonidan olib borilayotgan ilg‘or tajriba bilan tanishdi. Bu haqda BAA axborot agentligi – WAM xabar berdi. Tomonlar hamkorlik va tajriba almashish masalasini muhokama qildilar.

Mamlakatimiz delegatsiyasini Farovonlik va reabilitatsiya hamda Ta’lim va aholiga xizmat ko‘rsatish departamentlari rahbarlari G‘anima Al-Bahriy va Shams Al-Muhariy qabul qildi.

Tashrif doirasida vakillarimiz jamg‘arma tomonidan odam savdosi jabrdiydalariga hamda oiladagi zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan shafqatsizlik qurbonlariga ko‘rsatilayotgan xizmat bo‘yicha eng ilg‘or amaliyot bilan tanishdi. Bolalar va ayollar huquqini himoya qilish, ularni psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbir, tashabbus va dasturlar yuzasidan tajriba almashildi.

Mehmonlar uchun jamg‘arma ob’ektlari bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, parvarish va reabilitatsiya dasturlari, o‘yin terapiyasi usullari haqida ma’lumot berildi. Guruh terapiyasi, dam olish xonasi, qo‘ng‘iroq markazi va masofaviy sud xizmati ham mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Jamg‘arma Bosh direktori vazifasini bajaruvchi Shayxa Said Al-Mansuriy O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifidan mamnunligini bildirib, bolalar va ayollarni har qanday zo‘ravonlikdan, ekspluatatsiyadan himoya qilish sohasida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi.

Mavjud tajribani inson, xususan, ayollar va bolalar huquqini himoya qilish, ularning jamiyatdagi mavqeini yaxshilashga intilayotgan barcha mamlakatlar bilan baham ko‘rishga tayyorligini izhor qildi.

O‘z navbatida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari ham hamkorlik ufqini kengaytirish istagini bildirdilar.

Muharrama Pirmatova, O‘zA