Davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish tizimini samarali tashkil etish, xodimlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va strategik asoslangan yillik kadrlar rejalari ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Milliy boshqaruv tizimida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Samarali boshqaruv” dasturi doirasida “Inson resurslarini strategik rejalashtirish” mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Jumladan, 23 vazirlik va idorada kadrlarni rejalashtirish uslublari tatbiq qilindi.

Loyiha doirasida Prezident Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi, Strategik rivojlanish va islohotlar agentliklari mas’ullaridan iborat delegatsiya uchun Fransiyada stajirovka dasturi tashkil etildi.
Dastur davomida delegatsiya SIGMA va OECD tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv, davlat xizmatida inson resurslarini strategik boshqarish, kadrlarni meritokratik asosda tanlash, ishchi kuchini baholash va rag‘batlantirish kabi tajribalar bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Fransiyaning davlat boshqaruvi va xizmati bo‘yicha bosh direktorati va Fransiya davlat xizmati milliy instituti bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Unda davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va boshqaruv samaradorligini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun: ushbu dastur O‘zbekistonda inson resurslarini strategik rejalashtirish sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish, kadrlar siyosatini zamonaviylashtirish va davlat xizmati samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA