Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025”da ishtirok etmoqda
10:43 / 2025-03-18

Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqining Iqtisodiy va ijtimoiy qo‘mitasi tomonidan “Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025” xalqaro tadbiri o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli haftalikda O‘zbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi, jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ishtirok etmoqda.

Xalqaro tadbir inklyuzivlik, demokratik ishtirok va hamkorlikni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlanib, global miqyosda fuqarolik jamiyatining o‘rni va roli, innovatsion yondashuvlar hamda ilg‘or tajribalarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanmoqda.

Tadbir doirasida Yevropaning barcha mamlakatlaridan yetakchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Yevropa Ittifoqining tegishli idoralari va a’zo davlatlar hukumat vakillari, tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari hamda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ular jamiyatning turli qatlamlarini jalb etgan holda, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, demokratik institutlarni mustahkamlash va fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashmoqda, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Mazkur xalqaro tadbirga O‘zbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi ham taklif etilgan bo‘lib, ishtirokchilar nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini yanada takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Jumladan, delegatsiya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, fuqarolik jamiyatining mustahkamlanishi va inklyuziv jamiyat barpo etish yo‘nalishidagi yutuqlar, shuningdek, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida xalqaro hamjamiyat bilan fikr almashmoqda.

Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy ekspertlar bilan tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining rolini oshirishga qaratilgan innovatsion tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.  

A.RUSTAMOV,

O‘zA