Shu kunlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi vakillaridan iborat delegatsiya AQSHning Yuta shtatiga rasmiy tashrif bilan bordi.
Tashrif doirasida delegatsiya Yuta shtatidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va innovatsion markazlarda uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda asosan xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va startap ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston bilan “University of Utah” tarkibidagi “Lassonde Entrepreneur Institute” o‘rtasidagi hamkorlik yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar “Master of Business Creation (MBC) — Uzbekistan Edition” dasturini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi.
Ushbu dastur yosh tadbirkorlar uchun amaliy tajriba muhitini yaratish hamda AQSH tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishni ko‘zda tutadi. Loyiha doirasida Toshkent shahrini “MBC Global”ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy markaziga aylantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi “World Trade Center Utah” tashkiloti vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion tashabbuslarni ilgari surish va xalqaro hamkorlik loyihalari haqida fikr almashildi.
Mazkur tashrif O‘zbekistonning ta’lim, fan va tadbirkorlik sohalaridagi xalqaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlash hamda mamlakatimizni mintaqada innovatsion markaz sifatida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA