Teatr hovlisida repertuardagi sara spektakllar - “Qovoqvoyning sarguzashtlari”, “Oppog‘oy va uning do‘stlari”, “Sohibjamol va maxluq”, “Malikani kim qutqaradi?”, “Uchar kema” spektakllaridan parchalar ijro etildi. Bolajonlar bilan savol-javoblar tashkil etildi.
Asqar Hikmatov, Abduvohid Sarikov, Shavkat Isroilov, Zebiniso Qodirova, Venera Safyanova, Bahodir Ahmedov kabi mahoratli aktyorlar o‘ziga xos rollarni ijro etishdi.

Yosh tomoshabinlar uchun zamonaviy kompyuter texnologiyalari asosida sahnalashtirilgan “Game over” spektakli namoyish etildi.
Mazkur spektaklda Sherzod ismli bolakay virtual olamga tushib qoladi hamda uyga qaytish uchun virtual o‘yinlarni o‘ynaydi. Alisa, Sonik, Google, PUBG qahramonlariga duch keladi va barcha sinovlardan o‘z intellektual bilimi orqali o‘ta boshlaydi.

Aktyorlar Barot Hasanov, Nargiza Matkarimova, Dilnavoz Ahmedova, To‘lqin Xolmurodov, Abdulloh Ismoilov, Asqar Hikmatov o‘ziga xos rollarni ijro etishgan.

– O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatriga zamonaviy “maping” proyeksiyalar o‘rnatildi,– dedi teatrning adabiy bo‘lim mudiri Dostonbek Rahmatullayev. – Endilikda tomoshabinlar zamonaviy kompyuter grafikasi, maxsus effektlar orqali spektakllarni vizual tarzda ham tomosha qilishlari mumkin. Unda HD formatdagi audiovizual videolar, animatsiyalar, proyeksion loyihalar ham namoyish etiladi
Teatr repertuaridan “Mushukvoyning uychasi”, “Jadidlar. So‘nggi kunlar”, “Zolushka”, “Qizil qalpoqcha”, “Zumrad va Qimmat”, “Uchar kema” kabi qiziqarli spektakllar o‘rin olgan.
N.Usmonova,
O‘zA