Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston davlat simfonik orkestri – Bangkokda
19:04 / 2024-10-08

86 nafar ijrochidan iborat O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Bangkokda o‘tkazilgan XXVI Xalqaro musiqa va raqs festivali doirasida zo‘r taassurot qoldirgan konsert namoyish qildi. Bu voqea tarixiy ahamiyat kasb etdi, chunki, jamoamiz 1999 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan anjumanda ilk bor ishtirok etdi.

Tailand madaniyat markazida 2000 ga yaqin tomoshabin, xususan Adliya, Tashqi ishlar, Madaniyat vazirliklari, Nafis san’at turlari departamenti rasmiy shaxslari, diplomatlari to‘plandi. Dirijyor Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi orkestrning chiqishi gulduros qarsak bilan olqishlandi.

Bundan tashqari, musiqachilarimiz mahalliy yoshlar, jumladan imkoniyati cheklangan ijrochilar uchun mahorat darslari o‘tkazdi, Bangkokdagi Bosh konsulligimizda tashkil etilgan madaniy tadbirda chiqish qildi.

Madaniy aloqani yanada mustahkamlash maqsadida festival raisi va asoschisi Jaspal Singx Uberoy tashabbusi bilan Tailandda O‘zbekiston davlat simfonik orkestriga bag‘ishlangan maxsus kitob-albom nashr etilib, jamoalarimizning mazkur anjumanda muntazam ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Osiyo miqyosidagi yirik madaniy forumlardan biri hisoblanadigan, 1999 yil asos solingan Bangkok xalqaro musiqa va raqs festivali Qirollik oilasi homiyligida har yili sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkaziladi. Bu yilgi tadbirda Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy, Italiya, Yaponiya, Isroil va Rossiya kabi davlatlardan mashhur ijrochilar global san’atning rang-barangligi, boyligini o‘ziga xos tarzda namoyish etdilar.

Aziza Alimova, O‘zA