Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida haftalik tadbirlarga start berildi
17:11 / 2022-05-18

18 may – «Xalqaro muzeylar kuni» munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at muzeyida haftalik tadbirlarga start berildi. Tadbir doirasida «O‘zbekiston madaniy merosi – azaliy qadriyatlar» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. Unda mamlakatimizning shonli tarixi davrida qoldirgan boy ma’naviy merosi, O‘rta Osiyo me’morchiligi namunalari aks etgan ko‘rgazma ochildi.

Tadbirda turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar so‘zga chiqib, soha xodimlarini muborakbod etdi. Mamlakatimizda muzeylar faoliyatiga alohida e’tibor berilgani, shu munosabat bilan yildan-yilga muzeylar soni ortayotganiga, muzeylar faoliyati ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Muzeyga tashrif buyuruvchilarga muzey rahbariyati va xodimlar tomonidan maskan faoliyati tanishtirib o‘tildi.

Ko‘rgazma eksponatlari O‘rta Osiyo – qadimiy sivilizatsiyalar va eng boy tarixiy-madaniy merosi ekanligidan dalolat beradi. Sharq me’morlik yodgorliklari jahon me’morchiligi xazinasiga salmoqli hissa qo‘shgan.

O‘rta Osiyoning o‘troq dehqonchilik vohalarida qurilish san’atining boshlanishi neolit davridayoq vujudga kelgan bo‘lib, uning rivojlanishi keyinchalik me’morchilik san’atining eng yuksak darajada shakllanishiga olib kelgan.

Rivojlangan o‘rta asr davrlarida arxitekturaning eng muhim xususiyatini me’morlar tomonidan geometrik proporsionallik qonunlarini qo‘llash tashkil etdi. Saqlanib qolgan binolarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, rejalar tuzish, intererlarning ichki maydoni o‘lchovlari geometrik uyg‘unlikning qat’iy qoidalariga amal qiladi. 1219-1221 yillarda mo‘g‘ullar istilosining og‘ir oqibatlari bartaraf etilgach, O‘rta Osiyoda shahar va qishloqlarning bosqichma-bosqich tiklanishi me’morchilik va qurilish faoliyatining yuksalishiga xizmat qilgan.

Ko‘rgazmada Temuriylar davrida qurilgan me’morchilik namunalaridan ham xabardor bo‘lish mumkin. O‘sha davr binokorligida bezak va rang muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Me’moriy g‘oya bilan hamohang holda, bezak jihatidan ham boyitgan.

Haftalik doirasida muzey xodimlari uchun ingliz tili saboqlari, muzeyshunos olimlar ishtirokida mahorat darslari va ochiq darslar, arxeologik ashyolarni ta’mirlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Tadbirlarda muzeyshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etadi.

Tadbirda faol ishtirok etgan tadqiqotchilar, muzey xodimlari va muzeyshunoslar taqdirlanadi. Shuningdek, san’at ixlosmandlari uchun haftalikning so‘nggi kunida «Muzeyda tun» nomi ostida gala-konsert tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 

 

D.MAMATOVA, O‘zA