Bundan yigirma kunlar muqaddam O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida “Nomadian” IT kompaniyasining 100 million KRW (Janubiy Koreya voni) miqdoridagi homiylik mablag‘lari hisobidan taekvondo sport zali qurib berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Kuni kecha mazkur kelishuvga binoan o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlar, xususan, ta’lim, fan, madaniyat hamda innovatsion texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan tadbir davomida universitet hududida mazkur taekvondo zalini barpo etish uchun mo‘ljallangan 100 million KRW (Janubiy Koreya voni) miqdoridagi homiylik mablag‘i tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda ishtirok etgan universitet rektori R.Matkarimov, Janubiy Koreyaning “Nomadian” IT kompaniyasi vakillari, shuningdek, Kyungdong universiteti prorektori Li Yong-Hun hamda professor Lim Young-Seondan iborat delegatsiya a’zolari ikki davlat o‘rtasida sport ta’limi sohasidagi samarali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganligini e’tirof etdi.

Bunyod etiladigan mazkur sport inshooti kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, universitet sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda yosh sportchilar uchun zamonaviy va qulay mashg‘ulot sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Janubiy koreyalik mehmonlarga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy professor” unvoni topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA