Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining yangi 89-konsertlar mavsumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi.
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi 1936 yili Respublika hukumatining maxsus qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha paytdagi murakkab sharoitda o‘zbek musiqa san’ati tarixida filarmoniyaning tashkil etilishi yangi hodisa edi. Shunga qaramasdan o‘zining ijodi bilan xalq orasida tanilgan Muhiddin Qori Yoqubov, To‘xtasin Jalilov, Tamaraxonim, Usta Olim Komilov, Lutfixonim Sarimsoqova, Gavhar Rahimova kabi san’atkorlar Filarmoniya faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishdi.
Ushbu san’atkorlarning samarali mehnati tufayli O‘zbekiston filarmoniyasi ilk kunlaridanoq xalqning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ammo oradagi yillar mobaynida mazkur tashkilot turli ijodiy jamoalarga birlashtirilib, boshqa nomlar bilan faoliyat olib borgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qaytadan tashkil qilindi va Yangi O‘zbekistonning san’ati va madaniyati taraqqiyoti yo‘lida samarali faoliyat yuritishni boshladi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi milliy, mumtoz va zamonaviy musiqa hamda raqs san’atini ilg‘or yutuqlar asosida rivojlantirish, aholining san’atga bo‘lgan ma’naviy ehtiyojini qondirish hamda madaniyat sohasidagi yutuqlarni O‘zbekiston va xorijda keng targ‘ib qilishga faol kirishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va hududiy bo‘linmalari tasarrufida 45 ta turli yo‘nalishdagi ijodiy jamoalar faoliyat yuritib kelmoqda.

2026 yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 90-yilligini katta tantana bilan nishonlash reja qilinmoqda. Shuningdek, tantanali musiqiy tadbir davomida bir guruh madaniyat va san’at sohasi vakillariga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi 89-konsertlar mavsumiga start berildi. Ushbu ijodiy tashkilot tarixi va zamonaviy faoliyati mujassamlashgan konsert dasturi taqdim etildi. Dasturda Filarmoniya ijodiy jamoalari hamda xonandalari ishtirok etib, o‘zlarining eng sara musiqiy chiqishlarini havola etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab barcha ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning musiqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish maqsadida lektoriy konsertlarining badiiy dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ushbu hujjatga asosan 2022 yildan to 2025 yilning sentyabr oyigacha Respublika bo‘ylab jami 5 mingdan ortiq lektoriy konsertlar tashkil etilib, ular orqali mahoratli ustozlar tomonidan yosh avlodga milliy musiqamiz sir-asrorlari o‘rgatib kelinmoqda.

Shuningdek, Filarmoniya tomonidan davlat buyurtmasi asosida yurtimizning eng olis va chekka hududlarida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida “Madaniyat karvoni” shaklida konsert-tomosha tadbirlari hamda ijodiy jamoalarning gastrol-konsertlari tashkil qilinmoqda.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi ijodiy jamoalari ishtirokida 20 mingdan ortiq ommaviy-madaniy tadbirlar va konsert dasturlari tashkil etilgani buning yaqqol dalilidir.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatida uning xorijiy davlatlar bilan amalga oshirayotgan xalqaro aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Buning natijasida 2018-2025 yillar davomida 15 ga yaqin xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan filarmoniyalar, ijodiy jamoalar, madaniy tashkilotlar hamda madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash xalqaro Fondlari bilan memorandumlar imzolanib, o‘zaro hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlar xalqaro festivali, “Oltin kuz” Xalqaro kamer va simfonik musiqasi festivali kabi nufuzli xalqaro tadbirlar ham tashkil etib kelinmoqda. Mazkur ijodiy jarayonlarga esa ko‘plab xorijiy davlatlardan taniqli yakkaxon ijodkorlar hamda ijodiy jamoalar tashrif buyurib, yuqori o‘rinlarni egallashmoqda.
Ahamiyatlisi, filarmoniya orkestrlari 4 yildan buyon to‘liq tarkibi bilan Yevropa davlatlarining nufuzli sahnalarida o‘z musiqiy dasturlarini taqdim etmoqdalar. Bu jarayon esa so‘nggi 30 yil ichida ilk bor amalga oshirildi.
Aynan ushbu salmoqli natijalar bugun yurtimiz konsert-tomosha yo‘nalishida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining madaniyat sohasi yetakchi harakatlantiruvchi kuchga aylanganini ko‘rsatadi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri