O‘zbekiston davlat drama teatrida yangi – 57-mavsumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muhim sanada teatr san’ati ixlosmandlari, san’atkorlar, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, teatr san’atining jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi beqiyos o‘rni haqida batafsil to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, iste’dodli teatr rassomi Georgiy Brimning 90 yilligi munosabati bilan ularning san’at va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan xizmatlari hurmat va ehtirom bilan yodga olindi.

Darhaqiqat, atoqli san’atkor Bahodir Yo‘ldoshev o‘ta talabchanligi, kamtar va mehnatsevar, keng tafakkuri, har qanday imkonsiz vaziyatni ham sharaf bilan, munosib tarzda yengib o‘ta olish salohiyati millionlab yoshlar uchun ibrat. Shu bois mohir san’at darg‘asi ko‘plarimiz, ayniqsa ijodkor yoshlar uchun chin ma’noda ma’naviy ustozdir.
Tadbirda O‘zbekiston davlat drama teatri badiiy rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov hamda teatr direktori Otabek Jo‘rayev so‘zga chiqib, san’at ahliga, tomoshabinlarga minnatdorlik izhor qildilar hamda 57-mavsumni ochiq deb e’lon qildilar.
Marosimning badiiy qismida esa yozuvchi Said Ahmad qalamiga mansub, milliy dramaturgiyamizning yorqin namunalaridan biri bo‘lgan “Ufq” spektakli sahnalashtirildi.
Mazkur asar tomoshabinlar qalbida chuqur taassurot qoldirib, yangi mavsumning yuqori saviyada boshlanishiga zamin yaratdi.
N.Usmonova,
O‘zA