Moliya vazirligining davlat byudjeti daromadlari ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalar sharhi e’lon qilindi. Qayd etilishicha, joriy yilning I yarim yillik uchun davlat byudjeti daromadlari 92,6 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 trillion so‘mga ya’ni +23,7 foiz ko‘p.
Soliq tushumlari esa 71 trillion so‘mni yoki davlat byudjeti daromadlari umumiy hajmining 76,7 fiozini tashkil etgan. Shuningdek, bojxona tushumlari 21,5 trillion so‘mni yoki davlat byudjeti daromadlari umumiy hajmining 23,2 fiozini tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, bojxona organlari ma’murchiligida aksiz solig‘i tushumlari 151 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 16,1 milliard so‘m kam. Aksiz to‘lanadigan tovarlar importi hajmining qisqarishi hisobiga, soliq tushumi benzin bo‘yicha 34,9 milliard so‘mga, dizel yoqilg‘isi bo‘yicha 9 milliard so‘mga va tamakilar bo‘yicha 14,9 milliard so‘mga qisqargan.
Shuningdek, ushbu davrda soliq organlari ma’murchiligida aksiz solig‘i tushumlari 2021 yilning shu davriga nisbatan 241 milliard so‘mga oshib, 6,5 trillion so‘mni tashkil etgan.
Hisobot davrining I yarim yilligida tushumlarning oshishi, asosan, aksiz solig‘i bo‘yicha stavkalarning 2021 yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 10 foizga, xususan tamaki mahsulotlari, alkogol mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni realizatsiya qilish bo‘yicha oshirilishi hisobiga ta’minlangan.
Davlat byudjeti daromadlarining YAIMga nisbati 2022 yilning I yarim yilligida 24,5 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 foiz punktga oshgan. YAIMga nisbatan ulushning oshishi asosan bilvosita soliqlardan daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlarning o‘sishi bilan izohlanadi.
Joriy yilning I yarim yilligi uchun boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlar bo‘yicha umumiy tushumlar 14,4 trillion so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlarning asosiy ulushi dividendlarga to‘g‘ri keladi va qariyb 54 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 43,9 foizni tashkil etgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yurtimiz davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yili 164,7 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 31,7 trillion so‘mga (+23,9 foiz) ko‘p bo‘lgandi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA