French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Chexiya: hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqadi
17:38 / 2023-04-25

Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

Bugun, 25 aprel kuni Toshkent shahrida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

Unda O‘zbekiston – Chexiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga tushirish, ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish, o‘zaro munosabatlarning ko‘lamini kengaytirish va yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.  

Ta’kidlandiki, O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,6 barobar oshgan.  

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.  

Shundan so‘ng, delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston-Chexiya biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.  

O‘zbekiston va Chexiya munosabatlari rivojlanib borayotgani, hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani alohida ta’kidlandi.  

Petr Fiala O‘zbekiston deganda ilgari faqat bitta so‘z, ya’ni paxta tushunilgani, bugungi kunga kelib esa O‘zbekiston tez va barqaror rivojlanayotgan, yalpi ichki mahsulot o‘sishini saqlab qolayotgan davlatga aylanganini qayd etdi. O‘zaro hamkorligimiz rivojlanib, o‘tgan yilda tovar aylanmasi rekord darajada o‘sgani kuzatildi. Hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga egaligimiz ta’kidlandi.  

Aytib o‘tish joizki, Chexiya Respublikasi mamlakatimizning Yevropadagi eng muhim hamkorlaridan biri sanaladi. Keyingi paytda, ayniqsa, iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar tobora mustahkamlanib, o‘zaro savdo aloqalari uchun qulay muhit yaratildi. Natijada tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortmoqda. Xususan, 2022 yil davomida o‘zaro savdo hajmi 184,8 million AQSH dollari, jumladan, eksport – 30,5 million AQSH dollari, import – 154,2 million AQSH dollarini tashkil etdi.   

Chexiyada yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy mato va gazlamalar, shuningdek, xizmatlarga talab katta bo‘lsa, o‘z navbatida, mamlakatimizga farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlar yetkazib beriladi.  

Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «V2V» shaklidagi uchrashuvlarda 50 dan ortiq mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi hamda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.  

[gallery-11578]

Umuman, bugungi tadbirlar O‘zbekiston va Chexiya kompaniyalari o‘rtasida savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha chex kompaniyalarining tajribasi taqdimotlari o‘tkazildi. Yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA