Toshkentda O‘zbekiston – Chexiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda qishloq xo‘jaligi vaziri MarekViborniy boshchiligidagi Chexiya Respublikasi delegatsiya a’zolari, ko‘plab xorijlik va mahalliy ekspertlar, ishbilarmon doira vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yil yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo miqdori 2 yarim barobar o‘sishi mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimi (“GSP+”)ga qo‘shilgani ham yordam berdi.
Qayd etish kerak, forum ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar doirasida istiqbolli reja va tashabbuslarni tanlab olish, ilgari surish hamda Reyestrga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga qaratilgan muhim tadbirdir.
Tomonlar xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi standarti, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni monitoring qilish tizimi, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash singari dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ekinni yetishtirish va qayta ishlash dasturlari ishlab chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda o‘zaro yetkazib berishning kelishilgan sxemalarini shakllantirish, sifatli va arzon oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berish uchun samarali logistika shakllantirish zarurligi aytildi.
Sho‘’ba majlisida jahon iqtisodiyotida retsessiya ehtimoli, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, transport va muqobil energetikaga investitsiya kiritish mavzulari tahlil qilindi. Xalqaro moliya markazlari tashkil etish tajribasini hayotga tatbiq etish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida elektron tijoratni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
– Hamkasblarimiz bilan sohaga doir eng muhim masalalarni, birga amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan aniq yo‘nalishlarni belgilab oldik, – dedi M.Viborniy. – O‘zbekiston yuqori salohiyatga ega mamlakat. Bugun biz nafaqat fikr almashdik, balki kelgusida amalga oshiriladigan aniq loyiharlarni ham belgilab oldik. Jumladan, ikki tomonlama memorandum imzoladik. Bu hujjatda ilmiy yo‘nalishda hamkorlik qilish ham ko‘zda tutilgan. Chexiyada ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olishyapti. Shu bois aynan agrar sohadagi ilmiy muassasalar bilan ham muhim kelishuvlarga erishdik.
Tadbir doirasida mehmonlarga hududlarimizning investitsiya salohiyati, mavjud yirik loyihalar taqdim qilindi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hamkorlik bo‘yicha yangi keng ko‘lamli dastur ishlab chiqish va boshqa ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Forum doirasida B2B uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tdi.
[gallery-13956]
Go‘zal Sattorova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA