Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston chempionatida Olimpiаda g‘oliblari qatnashadimi?
10:26 / 2022-03-09

Keyingi 8 yillik olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari jarayonida O‘zbekiston og‘ir atletikachilari yuksak marralarni egallab kelmoqda.

2016 yilgi Rio Olimpiadasida Ruslan Nurudinov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, dunyo nigohini O‘zbekistonga qaratgan edi.

Oradan besh yil o‘tib, murakkab epidemiologik sharoitda kechiktirib o‘tkazilgan Tokio o‘yinlarida Akbar Jo‘rayevning Olimpiada oltin medaliga musharraf bo‘lishi mamlakatimiz og‘ir atletikachilarining muvaffaqiyatlari bardavom ekanligini yana bir karra namayon etdi.

Albatta, xalqaro musobaqalarda chempionatlarda yurtimiz sportchilarining g‘olib chiqishida ichki chempionatlarning alohida o‘rni bor. Zotan, Vatan sharafini ulug‘laydigan iqtidorli sportchilar aynan yurtimizda o‘tkaziladigan mamlakat birinchiliklarida aniqlanadi.

bugungi dovrug‘li sportchilarimiz Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayev, ularning munosib izdoshlari bo‘lgan o‘nlab yosh og‘ir atletikachilarimiz aynan O‘zbekiston chempionatida kashf etilgan.

Shu ma’noda joriy yil yurtimiz og‘ir atletikachilarini qanday ichki chempionatlar, xalqaro turnirlar kutib turibdi? Mazkur bahslarga tayyorgarlik ishlari qanday kechmoqda? Shular xususida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimov bilan suhbatlashdik.

– O‘tgan 2021 yil mamlakatimiz og‘ir atletikachilari uchun omadli keldi. Bu yil sportchilarimiz qanday nufuzli musobaqalarda va ichki chempionatlarda qatnashishi kutilmoqda?

– Haqiqatan, o‘tgan yil nafaqat biz uchun, balki butun O‘zbekiston sportsevarlari uchun omadli keldi. Akbar Jo‘rayev olimpiya chempioni bo‘ldi. Bir qator og‘ir atletikachilarimiz qit’a va jahon chempionatlarida zafar quchdi. O‘zbekiston sport tarixida ilk bor bir yilda 3 ta yirik og‘ir atletika chempionati Toshkentda o‘tkazildi. Qit’a va jahon chempionatlari poytaxtimizda o‘tishi O‘zbekiston sportining yuksak salohiyati, xalqaro sport maydonlaridagi tajriba va ishlash tizimimiz yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rsatdi.

Joriy yilda ham yurtimiz og‘ir atletikachilari bir qator xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. May oyida Gretsiyada yoshlar, iyun oyida Meksikada o‘smirlar va noyabrda Xitoyda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlari eng asosiy musobaqalar hisoblanadi. Bundan tashqari, qit’a chempionatlari, Osiyo o‘yinlari hamda bir qator nufuzli xalqaro musobaqalardagi shiddatli bellashuvlar sportchilarimizni kutmoqda. Bu musobaqalarga tayyorgarlikning muhim bosqichi albatta, yurtimizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionatlaridir. Aynan ichki birinchilik orqali iste’dodli sportchilar aniqlanadi. Terma jamoaga jalb etiladi va ular dunyo sport maydonlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Ma’lumki, hozirda yurtimiz og‘ir atletikachilari shu yilning 14-22 mart kunlari Xiva shahrida o‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘tadigan O‘zbekiston chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bugungacha mazkur musobaqada qatnashadigan sportchilar ro‘yxati shakllantirildimi?

– Chempionatda qatnashadigan hududiy terma jamoalardan, klublardan 1 mart kuni ilk talabnomalar olish yakunlandi. Unga ko‘ra, 400 nafarga yakin sportchi musobaqalarda qatnashishi kutilmoqda. Ammo, chempionatda qatnashadigan jamoalar ro‘yxati musobakadan 1 kun oldin rasman tasdiqlanadi. Chunki oraliq vaqtda qaysidir sportchi jarohat olishi yoki boshqa ma’lum sabablar oqibatida birinchilikda qatnashmasligi mumkin.

– Keyingi yillarda yurtimizda og‘ir atletika bo‘yicha bir qator jahon va qit’a chempionlari yetishib chiqdi. Xivada o‘tadigan chempionatda ular qatnashadimi? O‘zbekiston chempionligi uchun raqobat qaysi vaznlarda murosasiz o‘tadi, deb o‘ylaysiz?

– Albatta, yurtimizda boshqa sport turlari qatori og‘ir atletikaga bo‘lgan e’tibor hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutaxassis va murabbiylarining tinimsiz mehnatlari tufayli jamoamizning yutuqlari salmoqli bo‘lmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida, ayniqsa yoshlar orasida og‘ir atletikaga qiziqishni yanada oshirdi. Bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyo og‘ir atletikasida Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinov, yoshlar hamda kattalar o‘rtasida jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari, rekordchilari Adham Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Sarvar Zafarjonov, Doston Yoqubov, Nigora Suvonova, Tursunoy Jabborova kabi sportchilarimizni juda yaxshi bilishadi va ularning xatti-harakatini kuzatib borishadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shu ma’noda Xivadagi musobaqalarda aynan ushbu sportchilarimiz qatnashadigan vaznlarda kuchli raqobat kuzatiladi. Akbar Jo‘rayev eng og‘ir vazn +109 kg.da, Doston Yokubov 73 kg, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Adhamjon Ergashev 67 kg, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Muhammadqodir Toshtemirov 81 kg, Osiyo chempioni Sarvar Zafarjonov 89kg va qit’a chempioni va jahon rekordchisi Ruslan Nurudinov 109 og‘irlikdagi vazn toifasida, o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medal sohibi Nigora Suvonova 76 kg va Tursunoy Jabborova Xivadagi chempionatda +87 kg vazn toifasida katnashish uchun talabnomalarda qayd etilgan.

Xivadagi chempionat yangi olimpiada vaznlarida o‘tkaziladimi yoki eski vazn toifalaridami?

– Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi 2022 yilgi rasmiy musobaqalar – jahon va qit’a chempionatlari odatdagi 10ta vazn toifalarida bo‘lishini tasdiqladi. Shu bois, bu yilgi rasmiy chempionatlar eski vazn toifalarida tashkil etiladi. Xorazmdagi musobaqalar bundan mustasno emas. Xiva supasida erkaklar 55, 67, 73, 81, -89, 96, 102, 109 va +109 kg.da bahslashsa, ayollar 49, 55, 59, 64, 71, 76, 81, 87 va +87 og‘irlikda kurashishadi.

Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinov chempionatda qatnashadimi?

– Albatta. Aytganimdek, Akbar Jo‘rayev eng og‘ir +109 kg vazn toifada qatnashsa, Ruslan Nurudinov 109 kg vaznda ishtirok etish uchun talabnoma orqali ro‘yxatdan o‘tgan.

Keyingi yillarda kuchli sportchilarimizga raqobat qiladigan bir qator yosh sportchilar yetishib chiqdi. Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinovga aynan qaysi yoshlarimiz raqobat ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz?

– Har ikkisi bilan xalqaro sport maydonlarida bahslashish orzusidagi sportchilar dunyo miqyosida ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular bilan bitta musobaqada qatnashish har qanday sportchining qalbidagi niyati. Yurtimiz yosh polvonlari uchun bunday baxtli lahza tuhfa etilgan. Hozirda ular ko‘rsatgan natijaga jahon atletlari orasida hech kim yaqinlasha olganicha yo‘q. O‘tgan yili poytaxtimizda kechgan Osiyo chempionatida 109kg vaznda yangi jahon rekordi aynan Ruslan Nurudinov tomonidan o‘rnatildi. 

Tokio Olimpiadasida va yurtimiz mezbonlik qilgan jaxon chempionatida Akbar Jo‘rayevga teng keladigan raqib topilmadi. E’tiborlisi, har ikki sportchimizdan ibrat olgan tarzda hamda murabbiylarimizning mehnati va izlanishi tufayli keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator iqtidorli yoshlar yetishib chiqdi. Masalan, 2021 yili Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 96 kg vaznda Qurbonmurod Namozov oltin medalni ko‘lga kiritdi. Bunday yoshlar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Shunday iste’dodlar yaqin yillarda tajribali sportchilarimizga raqobat ko‘rsatish borasida katta sport maydoniga chiqadi, degan umiddamiz.

Albatta, og‘ir atletika ixlosmandlarining hammasi ham Xivaga borib musobaqani bevosita kuzata olmaydi. O‘zbekiston chempionatini muxlislar qaysi telekanallar orqali tomosha qilishi mumkin?

– Telekanallarda efirga uzatishni biz ham istagandik. Bu, endi-endi sportga kirib kelayotgan yoshlarga, ularning oilalariga farzandlarini sport maydoniga yetaklashida katta turtki bo‘lar edi. Afsuski, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xivadagi musobaqa O‘zbekiston telekanallari orqali translyatsiya kilinmaydi. Faqat axborot dasturlarida yoritilishi mumkin. Bu borada federatsiyadan O‘zbekiston teleradiokompaniyasiga xat chiqarganmiz. Federatsiya matbuot xizmati musobaqani ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali xususan, instagramda namoyish etib borishadi. Chempionatning to‘liq tasvirini ko‘rishni istaganlar keyinroq YouTube dagi sahifamizda tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Musobaqaning sifatli o‘tishi, albatta hakamlarga bog‘liq. Chempionatga nechta hakam jalb qilindi?

 Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan buyruqqa asosan chempionat bahslarini 20 nafar hakam hamda 8 nafar zaxira hakamlari boshqarib borishadi. Musobaqa bosh hakami etib tajribali mutaxassis, xalqaro tifadagi hakam, professor Rashid Matkarimov belgilangan.

Mazmunli suhbatingiz uchun raxmat.

– Sizga ham tashakkur.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,O‘zA