Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston charm-poyabzal ishlab chiqarishda yetakchi mamlakat (+video)
16:41 / 2025-04-16

Bugun O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida toza charm mahsulotlari, shu jumladan, poyabzal ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Quyoshli o‘lkamizda terini qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, eksport qilish bo‘yicha ko‘rilgan muhim chora-tadbirlar natijasida mahalliy korxonalarimiz tomonidan bir yilda 200 million juftdan ziyod poyabzal tayyorlashga erishildi. Muhimi nafaqat son jihatdan, balki sifat borasida ham mahsulotlarimizda o‘sish kuzatildi.

Sohadagi tub islohotlar mevasini joriy yilning 16-18 aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida bo‘lib o‘tayotgan “UzCharmExpo-EurAsia-2025” charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l hamda mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 18 - xalqaro ko‘rgazmasida yaqqol ko‘rish mumkin. Shu bilan birga mazkur tadbir dunyo charm sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilari uchun ham muhim platformaga aylandi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va “Xalq banki” tomonidan ishtirokchilar mahsulotlarining namoyishi va o‘zaro shartnomalar tuzishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Maqsad mamlakatimiz korxonalarining ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalar oqimini kengaytirish va charm sanoatiga qator xorijiy yirik sarmoyadorlarni jalb qilish hamda xalqaro brendlar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishdan iboratdir. 

- Biz ko‘rgazmani tashkil qilganlari uchun o‘zbek qardoshlarimizga minnatdorchilik bildiramiz, - deydi ko‘rgazma ishtirokchisi turkiyalik Bishar Muyan. - Korxonamiz Navoiy viloyatida joylashgan. Hozirda mahsulotlarimiz to‘liq eksportga yo‘naltirilgan. Kelgusida ishlab chiqarishni 700 ming juftga yetkazsak, albatta poyabzallarimizni ichki bozorlarga ham chiqaramiz. Hozirda tekstil va poyabzal ishlab chiqarish korxonalarimizda 450 nafar ishchi ishlaydi va kelajakda yana ish o‘rinlarni kengaytirishni maqsad qilganmiz. 

Bundan besh yil avval yurtimizda 70.5 million juft poyabzal ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugun bu raqam 3 barobarga ko‘paydi va eksport qilinayotgan mamlakatlar soni 12 tadan 40 tagacha kengaydi. Bu muddat ichida umuman charm mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshdi va daromad ham shunga yarasha bo‘lmoqda. 

Bu xalqaro bozorda milliy mahsulotlarga bo‘lgan talabning oshib borayotganini va yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatilayotganini ko‘rsatib beradi.

Ko‘rgazmada xalqaro va mahalliy yirik ishlab chiqaruvchilar ishtirok etmoqda. Masalan, dunyoga mashhur Italiya, Turkiya, Eron, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan 200 ga yaqin kompaniyalar innovatsion mahsulotlarini taklif etishdi.

Ko‘rgazmada yashil texnologiyalar, qayta ishlash va atrof - muhitni muhofaza qilishga qaratilgan eko mahsulotlar ham namoyish qilinmoqda. Shu bilan birga charm-poyabzal sanoatidagi asosiy muammolar va ularga yechimlar muhokama etildi.

Xullas bunday namoyishlarda qatnashish korxonalarga yangi bozorlarga chiqish va xalqaro hamkorliklarni kengaytirishga keng yo‘l ochib beradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7mk4PhWng1Y" title="Oʻzbekiston charm-poyabzal ishlab chiqarishda yetakchimamlakat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA