Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston bugungi va kelajak avlod uchun yaxshi va barqaror makon qoldirish harakatida“ – Smita Pant
18:58 / 2025-09-07

Munosabat

O‘zbekiston iqtisodiy islohotlardagi tashabbuskorligi va tashqi siyosatdagi pragmatik qarashlari bilan dunyo ahlini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Xalqaro tahlilchilar uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan harakatlar, taraqqiyot sari qo‘yilayotgan har bir qadamning samarasiga to‘la ishonch bilan munosabat bildirmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilg‘or g‘oyalari nafaqat mintaqa, balki butun bashariyat uchun yakdillikni ta’minlashi qayd etilmoqda. 

Bu borada Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim o‘z fikrlarini bildirdi.

–Hindiston O‘zbekistonning uzoq yillik hamkori hisoblanadi va mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borayapmiz,– dedi Smita Pant xonim. – Davlatingiz faqat iqtisodiy taraqqiyotga emas, balki mintaqaviy hamkorlikka ham katta e’tibor qaratayotgani bizni  quvontirmoqda. Hamkorlik ruhi va barqarorlikka intilish bor, bu tahsinga loyiq. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Prezident Shavkat Mirziyoyevni yaqin do‘st, aziz birodarim, deb biladi. Ikki rahbarning maqsad va qarashlari bir bo‘lsa, biz uchun kelishilgan tashabbuslarni amalga oshirish ham ancha oson kechadi.

So‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda sezilarli natijalarga erishildi. Eng muhimi, ta’lim sohasi va o‘zaro aloqalar mustahkamlanmoqda. Bugun O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar soniga qarasak, eng katta ulushni Hindiston talabalari tashkil etmoqda. O‘zbekistonga kelayotgan hind sayyohlari soni ham oshmoqda. Shu bilan birga savdo va investitsiya yo‘nalishida ham imkoniyatlar kengaymoqda, savdo hajmi ortib boryapti. 

O‘zbekistonda Hindiston investitsiyalari ham ko‘paymoqda. Hamkorligimiz sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida  yanada mustahkamlanmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari bizga yangi vazifalar qo‘ydi. Sun’iy intellekt va startaplar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishilmoqda. 

O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning yuragi. Aholi soni, iqtisodiy o‘sish sur’atlari jadallashmoqda. Ayniqsa, mintaqaviy masalalarga yondashuv, barqarorlik va iqlim o‘zgarishlariga oid tashabbuslar, Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarda olib borilgan sa’y-harakatlar, bularning barchasi juda ahamiyatlidir. O‘zbekiston tashqi siyosati juda pragmatik. Bularning barchasi o‘sib borayotgan aholi, rivojlanayotgan iqtisod va global qarashlarga ega bo‘lgan strategiya bilan birlashib, yurtingizni nafaqat mintaqada, balki undan tashqarida ham muhim davlatga aylantirmoqda. Hindiston buni qadrlaydi.

O‘zbekistonning xalqaro platformalarda faolligi bizni quvontiradi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani, xalqaro maydonda O‘zbekistonning o‘rni yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan iqlim o‘zgarishlari va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tashabbuslarni alohida e’tirof etish lozim. “Yashil makon“ loyihasi meni ham qiziqtirib qo‘ydi. Chunki bu tashabbus kelajak avlodni o‘ylab ilgari surilmoqda. Bu avlodlar uchun yanada yaxshi va barqaror makonni qoldirish demakdir.

Ikki davlat munosabatlarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga 2018 yili amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik O‘zbekiston yetakchisi Gujarot shtatiga ham tashrif buyurgandi. Bu kabi oliy darajadagi tashriflarda juda ko‘p muhim qarorlar qabul qilingan. Hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishidan har ikki tomon ham birdek manfaatdor. 

Hindiston O‘zbekiston uchun 1,4 milliard aholiga ega yirik bozor. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bizda talab katta. Ammo, bu hali hammasi emas, eng muhim masala – xalqlarni yanada yaqinlashtirish. O‘zbekistonga qiziqish faqat iqtisodiy imkoniyatlarga bog‘liq emas, balki, yurakdan yurakka, qalbdan qalbgacha bo‘lgan madaniy yaqinlikdir. Sizlarning go‘zal madaniyatingiz bizni domo o‘ziga rom etadi.

 Mustaqillik – har qanday xalq uchun eng muhim qadriyat. Fursatdan foydalanib, yaqinda nishonlangan Vataningiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan Hindiston xalqi va davlati nomidan O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni bildiraman.

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.