Navoiy viloyati IIBning 50 nafarga yaqin xodim va ularning oila a’zolari uchun Xorazm viloyatining Xiva shahriga sayohat tashkil etildi.
2025 yil 9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har oyning bitta shanba va yakshanbasi “Oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilingan edi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida tashkil etilgan sayohat davomida sayohatchilar qadimiy Xivaning tarixiy manzaralari, tor ko‘chalaridan ufurib turgan o‘ziga xos madaniyat va me’morchilik, Ichan qal’a majmuasi bilan yaqindan tanishdi, Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qilishdi.

Sayohat davomida ular Urganch shahrida bo‘lib, o‘zbek xalqining milliy qahramonlaridan biri Jaloliddin Manguberdi haykalini borib ko‘rishdi. Yoshlarga uning jasorati haqida so‘zlab berildi.

Ushbu sayohat faqatgina tarixiy joylarni ziyorat qilish yoxud hordiq chiqarish emas, balki xodimlar o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni yuksaltirish, farzandlar qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri