Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston bo‘ylab qator savdo ob’ektlari faoliyati to‘xtatildi
10:58 / 2026-02-05

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa daxldor tashkilotlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan respublika bo‘ylab savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa tadbirkorlik sub’ektlarida keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, insonlar hayoti va sog‘ligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar vaqtinchalik to‘xtatilmoqda.

Xususan, Buxoro viloyati, Buxoro shahri Islom Karimov ko‘chasida joylashgan savdo majmuasida o‘tkazilgan tekshiruvda 68 ta banddan iborat kamchiliklar aniqlanib, ob’ekt rahbariga yozma ko‘rsatma berildi. Qo‘pol qoidabuzarliklar sabab bolalar o‘yingohi paviloni faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida o‘tkazilgan yana 3 ta tekshiruvda 87 ta banddan iborat kamchiliklar aniqlanib, 2 ta bino va ayrim xonalarning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Jizzax viloyati, Jizzax shahri “H.Olimjon” MFYda joylashgan savdo markazida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida 15 ta banddan iborat kamchiliklar qayd etildi. Qo‘pol qoidabuzarliklar sabab binoning 2-qavatida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi “Namuna” MFYda joylashgan savdo markazida o‘tkazilgan tekshiruvda 26 ta banddan iborat kamchiliklar aniqlanib, binodagi yerto‘la omborxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Bundan tashqari, Termiz shahrida joylashgan “Indenim” savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan vaqtincha to‘xtatildi.

FVV ma’lum qilishicha, tekshiruvlar davomida ob’ektlarda o‘rnatilgan avtomatik yong‘in o‘chirish va yong‘in haqida xabar berish tizimlari, evakuatsiya yo‘laklari, ichki yong‘in o‘chirish jo‘mraklari hamda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining mavjudligi va soz holatda ekani atroflicha o‘rganilmoqda. Shuningdek, ob’ekt xodimlari bilan yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur tekshiruvlar 31 yanvar kuni “Aviator” savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bir nafar fuqaro halok bo‘lganidan so‘ng kuchaytirilgan tartibda boshlangan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA