Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston — bolalar saratoniga qarshi global tashabbus ishtirokchisi
13:08 / 2026-02-25

Saraton – bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng jiddiy tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri. So‘nggi yillarda jahon miqyosida bolalar o‘rtasida onkologik kasalliklarga chalinish holatlari ortib borayotgani tashvishlidir. Shu bois, dunyo davlatlari qatorida mamlakatimizda ham mazkur xastalikning oldini olish, uni erta bosqichlarda aniqlash va samarali davolash choralari izchil kuchaytirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida bolalar gematologiyasi va onkologiyasi kattalar yo‘nalishidan ajratilib, alohida ixtisoslashgan markaz sifatida tashkil etildi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining soha rivojiga qaratilgan ikkita muhim qarori qabul qilinib, moddiy-texnika bazani mustahkamlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada bolalar onkogematologiyasi xizmati sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

E’tiborlisi, O‘zbekiston 2024-yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi global tashabbusida maqsadli o‘nta davlatdan biri sifatida ishtirok etmoqda. Mazkur tashabbus doirasida yurtimizning 14 ta hududidagi shifoxonalar, shuningdek, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanayotgan 2000 nafarga yaqin bola qimmatbaho kimyoviy preparatlar bilan ta’minlanmoqda. Bu esa yuqori samarali davolashni tashkil etish va kasallikka qarshi kurashish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.

Dunyoda ilk bor yo‘lga qo‘yilgan ushbu Global platforma Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda AQSHning Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda mazkur nufuzli muassasa vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Dastlab mehmonlar “Uzbekistan Airports Cargo” logistika majmuasiga tashrif buyurib, onkologik dori vositalarini “sovuqlik zanjiri” talablari asosida qabul qilish, saqlash va tashish jarayonlari bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, mazkur tizim dori vositalarining sifatini saqlash va bemorlarga o‘z vaqtida yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining vaksinalar omborida bo‘lib, dori vositalarini milliy va xalqaro standartlarga muvofiq markazlashtirilgan holda saqlash amaliyotini o‘rgandi. Mutasaddilar tomonidan logistika jarayonlarini yanada takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

AQSHlik mutaxassislar Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Yaqinda ushbu muassasada onkologik dori vositalarini inson omilisiz tayyorlash imkonini beruvchi, robotlashtirilgan va raqamli texnologiyalar asosida ishlovchi noyob qurilma o‘rnatildi. Mazkur innovatsion yechim dori vositalarini tayyorlashda aniqlik va xavfsizlikni ta’minlash, tibbiyot xodimlari hamda bemorlar salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro ekspertlar markazda yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, mamlakatimizda bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan yuksak e’tiborni alohida e’tirof etdi.

Global platforma doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot ham o‘tkazildi. Unda dori vositalarini yetkazib berish muddatlarini optimallashtirish, texnik talablarni aniq shakllantirish, buyurtma berish jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, dorilarni hududlarga o‘z vaqtida yetkazish va bemorlarga qo‘llash mexanizmlarini yanada samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, delegatsiya vakillari Toshkent shahar ko‘p tarmoqli shifoxonasi huzuridagi “Taskin” bolalar onkologik xospisi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur muassasada og‘ir tashxis qo‘yilgan bolalarga palliativ yordam ko‘rsatish, ularning hayot sifatini yaxshilash va oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tashrif doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi kutilmoqda. Ushbu hujjat bolalar onkologiyasi sohasida o‘zaro tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va zamonaviy davolash protokollarini joriy etish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Mohigul Qosimova, O‘zA