O‘zbekiston Bolalar ombudsmani ICMEC (Yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar xalqaro markazi) xalqaro tashkiloti vakillari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.
Unda YeXHTning O‘zbekistondagi koordinatori ofisi va sohadagi faol NNTlar vakillari ishtirok etdi.
Aytib o‘tish kerakki, ICMEC – huquqiy, texnologik va idoralararo vositalar yordamida bolalar ekspluatatsiyasi, jinsiy zo‘ravonlik va yo‘qolib qolish xavfidan himoyalanadigan global muhitni yaratish kabi vazifalarni bajaradi.

Bolalar ombudsmani O‘zbekistonda odam savdosi, jumladan, bolalar savdosining oldini olish yo‘nalishida olib borilgan tizimli choralar, bu yo‘ldagi qat’iy siyosiy, huquqiy va institutsional islohotlar haqida xorijiy hamkorlarga ma’lumot berdi.
Mazkur sohada Bolalar ombudsmanining muvofiqlashtiruvchi roli va zaif guruhdagi bolalar huquqlarini himoyalashga oid faoliyatiga to‘xtaldi.

ICMEC vakillari bolalarga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka qarshi ko‘p tarmoqli javob modellarini ishlab chiqish, amaldagi tizimlar samaradorligini baholashda jahonning ko‘plab davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishda keng va samarali hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Muloqot yakunida huquqni muhofaza qilish organlari, ijtimoiy xizmatlar, ta’lim muassasalari xodimlarining malakasini oshirish, xususan, raqamli makonda bolalar xavfsizligi va ularga nisbatan onlayn-zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan qo‘shma amaliy loyihalar olib borishga kelishildi.
N.Abduraimova, O‘zA