Mamlakatimiz sportining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirib kelayotgan terma jamoalar orasida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining alohida o‘rni bor. Bu, o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda, xalqaro turnirlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Bundan to‘qqiz yil muqaddam "Rio-2016", undan keyin 2019 yili Rossiya Federatsiyasi Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatidan boshlangan g‘alabali yurish marshini shukurki, bokschilarimiz avlodlar almashinuvi jarayonida sobitlik bilan davom ettirmoqda.

Joriy yilning 4-14 sentyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Liverpul shahrida murosasiz janglarga boy bo‘lgan jahon chempionatida yengilmas bokschilarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 11 ta medalga ega chiqdi. Yigitlarimiz dunyo birinchiligida 6 ta oltin medalga sazovor bo‘lib, tarixiy natija qayd etdi. "Parij-2024" olimpiadasidan keyin deyarli yangilangan, yoshargan tarkib bilan umumjamoada birinchi o‘rinni egallash muhim voqelik bo‘ldi.

O‘zbekiston boks federatsiyasida jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan charm qo‘lqop ustalari va ularning murabbiylari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shular haqida hamda yurtimiz boks terma jamoasining keyingi musobaqalari, xalqaro turnirlar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, "Los-Anjeles-2028" olimapiadasida terma jamoa tarkibi qay ko‘rinishda bo‘lishi xususida so‘z bordi.

Anjumanda ishtirok etgan mamlakat boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, yollar terma jamoasi katta murabbiyi Elshod Rasulov, jahon chempionatida g‘oliblikka erishgan bokschilarimiz jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

“World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida sportchilarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari zamirida eng avvalo, yurtimizda boksga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassamligi aytib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda boks sport turini yanada rivojlantirishga davlat darajasidagi e’tibor natijasida xalqaro maydonlarda yuksak marralar zabt etilmoqda. O‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida terma jamoalarning zaxirasini shakllantirish, hududlardan iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, istiqbolli yosh bokschilarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, yuqori natijalarga erishayotganlarni rag‘batlantirish, malakali murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Terma jamoa bosh murabbiyi T.Qilichev mahoratli sportchilar yetishib chiqishining asosiy sababi, eng avvalo, har bir yo‘nalishda ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, murabbiy va mutaxassislarning hamjihatligi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida o‘rnatilgan tartib-intizom ekanligini bildirdi. Shuningdek, "Los-Anjeles-2028" olimpiadasida Vatanimiz sharafini himoya qilishi mumkin bo‘lgan terma jamoa tarkibi xususida ham fikr bildirib o‘tildi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Sh.Tillaboyev o‘tayotgan yilning qolgan uch yarim oyi davomida yurtimizda o‘ndan oshiq terma jamoalar ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etilishi, Andijonda o‘tadigan xalqaro turnir, Toshkentda bo‘ladigan qit’a chempionatiga hozirlik borasida so‘z yuritib, bundan ko‘zlangan maqsad mahoratli bokschilarning yangi avlodini kamolga yetkazishdan iboratligiga to‘xtaldi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoamizning xalqaro maydondagi yutuqlari dunyo brendlari, yirik kompaniyalar e’tiborini tortgani bejiz emas, albatta. Anjuman doirasida O‘zbekiston boks federatsiyasi va lider avtokompaniyalardan hisoblangan GWM kompaniyasining “HAVAL” brendi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Darhaqiqat, boks allaqachon mamlakatimizda yetakchi, ustuvor, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning dunyo sahnasidagi imijini shakllantirayotgan eng asosiy sport turlaridan biriga aylanib ulgurgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA