Bojxona qo‘mitasida “Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari xalqaro standartlarini joriy etish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir 4-7 noyabr kunlari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda savdo jarayonlarini soddalashtirish” mintaqaviy loyihasi doirasida va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Seminar ochilishida Bojxona qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari, tegishli boshqarmalar mutaxassislari, “O‘zbekiston pochtasi” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirish, bojxona nazorati va rasmiylashtirishni raqamlashtirish hamda elektron ma’lumotlar almashinishini soddalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Seminar xalqaro ekspert Ditmart Yorst tomonidan olib borildi.
Trening doirasida “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksidagi “Aviayuklar” va “Elektron tijorat” TIF bojxona postlariga amaliy tashriflar tashkil etildi. Xalqaro ekspert joylardagi faoliyat, infratuzilma, axborot almashinuvi tizimi, nazorat zonalari va pochta jo‘natmalarini qayta ishlash jarayonlarini yaqindan o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida bojxona jarayonlarini takomillashtirish, jo‘natmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tekshirish tartiblari samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy takliflar berildi.

Seminar yakunida Ditmart Yorst O‘zbekiston bojxona tizimida tezkor yetkazib berish tizimini takomillashtirish, elektron tijorat sohasidagi bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha xulosalar va tavsiyalar taqdim etdi.

Ekspert shuningdek, O‘zbekiston bojxona tizimida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish va avtomatlashtirish yo‘nalishlaridagi yutuqlarni yuqori baholadi. Bu esa xalqaro standartlarga muvofiq samarali tizimni yaratishda muhim qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA