Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston bojxona postlari orqali bir kunda o‘rtacha 11 ming 944 ta avtotransport vositasi harakatlanadi
14:51 / 2023-08-15

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston chegara bojxona postlari orqali 2015 yilda bir kunda o‘rtacha 878 ta avtotransport vositasi harakatlangan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 13 baravarga ortgan. Bir kunda o‘rtacha 11 ming 944 ta avtotransport vositasi harakatlanadi.

Chegaralarimiz orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalari sonining ortganiga qaramasdan, Bojxona qo‘mitasi tomonidan tizimni to‘liq raqamlashtirish va avtomatlashtirish natijasida bojxona xodimlarning  cheklangan soni doirasida bojxona nazoratidan o‘tkazishga erishilmoqda.  

Xususan, Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Ye-Tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga bosqichma-bosqich joriy  etildi.  

“Ye-Tranzit” AAT dasturi ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi zamon talablariga to‘liq javob beradi. Bunda, chegara bojxona postida mavjud davlat nazorati organlari integratsiyalashtirilgan holda yagona tizim bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.  

Eng muhim jihati shundaki, ilgari chegara o‘tkazish punktlarida davlat nazorati organlari tomonidan xizmat faoliyatlari ketma-ketlikda amalga oshirilib, fuqarolarning ortiqcha vaqt sarflashlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu tizim taqdim etgan imkoniyatlar natijasida davlat nazorati organlari tomonidan fuqarolarga parallel ravishda xizmat ko‘rsatilmoqda.  

Ya’ni, fuqaro bir davlat nazorati organiga hujjatlarini taqdim etishi kifoya. Ularning har biriga takror murojaat qilishga zarurat qolmadi.    

Mazkur tizimning yana bir qulayligi shundaki, bunda fuqaro tomonidan chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotganda to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha yig‘imlar va to‘lovlar avtomatik ravishda tizim tomonidan hisoblab chiqiladi.  

Endilikda fuqarolar chegara bojxona postlarida har bir davlat nazorati organlari uchun alohida yig‘im to‘lagan holda vaqt yo‘qotish muammosidan xalos bo‘lib, chegara bojxona postlaridagi bank kassalari oldida navbat kutmasdan, mazkur yig‘imlarni postga yetib kelmasdanoq onlayn ravishda to‘lash imkoniyati yaratildi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2023 yil 1-yarim yillik yakunlariga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi sohani raqamlashtirish bo‘yicha davlat boshqaruv organlari orasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA