Bugungi murakkab va ziddiyatlarga boy dunyoda sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot, o‘zaro hurmat va munosabatlarni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday sharoitda O‘zbekiston o‘zining tinchlikparvar, ma’rifatga tayangan va ochiq tashqi siyosati bilan xalqaro hamjamiyat e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
2025 yil 14–16 dekabr kunlari Saudiya Arabistoni Qirolligining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar alyansi (UNAOC) ning XI Global forumi ana shu jarayonlarda mamlakatimiz vakillarining ishtiroki va tashabbuslarining navbatdagi yorqin ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston – muloqot tarafdori, ma’rifat homiysi
BMT Sivilizatsiyalar alyansining 20 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan forum “Ko‘p qutbli dunyoda insoniyat birdamligi yo‘lida muloqot orqali o‘zaro hurmat va anglashuvning yangi davri” shiori ostida o‘tdi. Bu shiorning o‘ziyoq O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda xalqaro maydonda izchil ilgari surib kelinayotgan g‘oyalar bilan hamohang ekani bilan ahamiyatli.
Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi faol qatnashdi. Delegatsiya tarkibida ishtirok etgan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, qator vazirlik va idoralar vakillari o‘z chiqishlarida mamlakatimizning sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro miqyosda tobora keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yaqqol namoyon etishdi.
Forum doirasida islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (ISESCO), Jahon musulmonlar ligasi rahbariyati, shuningdek, Saudiya Arabistoni Qirolligining yetakchi akademik va madaniy muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlar chog‘ida Markaz ochilish marosimida mazkur tashkilotlar vakillarining ishtirokini ta’minlash, qo‘shma ilmiy-tadqiqot, ta’lim va nashriyot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro gumanitar va ilmiy-madaniy platforma sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidlagan edi. 2026 yilda BMT bilan hamkorlikda mazkur Markaz hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining keng qamrovli taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgani ham ana shu izchil siyosatning mantiqiy davomidir.
Ar-Riyoddagi forum doirasida ushbu g‘oyalar amaldagi qadamlar bilan mustahkamlandi.
Forum doirasida Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (ISESCO), Jahon musulmonlar ligasi rahbariyati, shuningdek, Saudiya Arabistoni Qirolligining yetakchi akademik va madaniy muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlar chog‘ida Markaz ochilish marosimida mazkur tashkilotlarning ishtirokini ta’minlash, qo‘shma ilmiy-tadqiqot, ta’limiy va nashriyot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlarning Markaz huzurida institutsional faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Guterrish: “O‘zbekiston Prezidenti – buyuk rahbar”
Forum doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv esa tadbirning siyosiy-diplomatik ahamiyatini yanada oshirdi.
Uchrashuvda sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqotni rivojlantirish va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar masalalari muhokama qilindi. Suhbat davomida, shuningdek, 2026 yilda BMT maydonida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlarini taqdim etish tashabbusi ham muhokama qilindi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuksak baho berib, mamlakat rahbarining xalqaro maydondagi rolini alohida e’tirof etdi:
“Sizning Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev – buyuk va nufuzli rahbar bo‘lib, u BMTning oliy minbaridan muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surmoqda”.
BMT Bosh kotibi 2024 yilning iyul oyida ham O‘zbekistonddagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi qurilish va pardozlash jarayonlari, markazning ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.
Antoniu Guterresh bu yerda barpo etilayotgan beqiyos ma’rifat maskanining kelgusidagi faoliyati bilan qiziqdi, tashrif jarayonida bugungi O‘zbekiston taraqqiyoti, uning Markaziy Osiyo mintasidagi birlashtiruvchilik roli haqida to‘xtalib, Butunjahon madaniy merosini asrab-avaylashga qo‘shayotgan hissasi uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
–Afsuski so‘nggi yillarda dunyoda islomofobiyaning turli ko‘rinishlari bilan to‘qnash kelmoqdamiz, – degan edi Antoniu Guterrish tashrif chog‘ida. – Bu bizni qattiq tashvishga solmoqda. Ana shunday bir paytda mamlakatingiz rahbari boshchiligida katta ilmiy-ma’rifiy muassasaning barpo etilishi, islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalashga harakat qilinishi juda ulug‘ ishdir.
Ana shu e’tirofning o‘ziyoq mamlakatimiz rahbari bu borada eng odilona yo‘lni tanlagani yana bir karra isbotini topdi. Bu baho Yangi O‘zbekistonning jahon siyosatida tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini anglatadi.
Memorandum – ishonch va hamkorlik ramzi
Forumning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan BMT Sivilizatsiyalar alyansi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjat tom ma’noda O‘zbekistonning sivilizatsiyalar muloqoti sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro darajada e’tirof etilayotganining yorqin dalilidir.
Memorandumni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va BMT Sivilizatsiyalar alyansi oliy vakili, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Janob Migel Anxel Moratinos imzoladi.
–Mazkur memorandum yaqin kelajakda ikki muhim tashkilot o‘rtasida sivilizatsiyalararo muloqotni chuqur tadqiq etish, sayyoramizda turli mojarolar, qurolli to‘qnashuvlar, turli ziddiyatlar davom etayotgan bir paytda tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik, xususan, madaniy ma’rifiy hamkorlikning ahamiyatini anglashda katta ahamiyat kasb etadi, dedi F.Abduxoliqov. – Prezidentimiz ta’kidlaganidek, muqaddas dinimizning tinchliksevarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini jahon miqyosida namoyon etishda ushbu muhim hujjat alohida o‘rin tutadi.
UNAOCning oliy vakili Migel Anxel Moratinos bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Markazning xalqaro maydondagi pozitsiyasi, uni global gumanitar va ilmiy platformalarda samarali taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
Imzolangan Memorandum madaniy, ilmiy va ta’lim sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, qo‘shma madaniy va media loyihalarni tayyorlash va tashkil etish, shuningdek, tolerantlik, o‘zaro hurmat va gumanizm qadriyatlarini ilgari surishga qaratilgan. Hujjat ekspertlar tajribasi almashinuv, qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va madaniyat, ilm va ma’rifat sohalarida xalqaro aloqalarni kengaytirish mexanizmlarini nazarda tutadi.
BMT Sivilizatsiyalar alyansi oliy vakili Migel Anxel Moratinos mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va Yangi O‘zbekistonning shakllanish jarayonlari haqida bilishini qayd etgan holda O‘zbekistonga nisbatan samimiy qiziqishini aytib, mamlakatga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.
–Ispaniya tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan davrimda bir necha marotaba Rui Gonsales de Klavixo merosiga murojaat qilganman, – dedi janob Moratinos o‘z nutqida. – Men ham ramziy ma’noda buyuk ajdodmiz yo‘lini davom ettirib, yangi Klavixo bo‘lishga tayyorman.
Hamkorlik geografiyasi kengaymoqda
Forum doirasida ICESCO, Jahon musulmonlar ligasi, Saudiya Arabistonining yetakchi akademik va madaniy muassasalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi atrofida keng xalqaro hamkorlik muhiti shakllanayotganini ko‘rsatdi.
ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik Markaz ochilishi marosimida asosiy hamkor bo‘lishga tayyor ekanini bildirib, 2026 yilda O‘zbekistonda yirik xalqaro konferensiya o‘tkazish rejasini ma’lum qildi. Jahon musulmonlar ligasi rahbariyati esa Markazni sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot uchun muhim global maydon sifatida baholadi.
Forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati va Islom dunyosi tashkiloti (ISESCO)ning o‘rtasidagi muzokaralar davomida tomonlar qator qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi, jumladan, Imom Buxoriy hayoti, ilmiy merosi, islom olamidagi nufuzi va hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini ochib beruvchi kitoblarni tayyorlash va nashr etish ishlari ham nazarda tutildi.
Uchrashuvning asosiy natijasi 2026 yilda O‘zbekistonda islom dunyosidagi yetakchi ulamolar, olimlar va mutaxassislar hamda turli mamlakatlardan akademik va ekspert jamoatlari ishtirokida ISESCOning yirik xalqaro konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi. Ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ma’rifat, ilm va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari va sa’y-harakatlariga yuqori baho va qo‘llab-quvvatlash sifatida qaraladi.
Doktor Salim al-Malik O‘zbekistonda ISESCOning xalqaro konferensiyasini o‘tkazish rejasini ma’lum qildi va bu O‘zbekiston rahbari tashabbuslariga qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida baholandi. U shuningdek, bu yil may oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida markaz faoliyati bilan shaxsan tanishgani, Imom Buxoriy kompleksiga yuqori baho bergani va Markaz ochilish marosimida asosiy hamkor bo‘lishga, uni eng yuqori xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, ISESCOning markaz binosida o‘z ofisini ochishga tayyorligi tasdiqlandi.
“Islom sivilizatsiyasi markazi – muloqot uchun muhim platforma”
Ar-Riyodga tashrif davomida Jahon musulmonlar ligasi Bosh kotibi doktor Abdulkarim al-Issa va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar davomida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jahon musulmon ligasi vakillari bir necha marotaba O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning faoliyatida amaliy yordam ko‘rsatib, ekspertlar va xalqaro forumlar ishida qatnashdilar, jumladan, mazkur forumda ham ishtirok etib kelishmoqda.
Shuningdek, Movarounnahrning buyuk musulmon olimlariga bag‘ishlangan yillik xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazish va ularning ilmiy hamda ma’naviy merosini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari keng muhokama qilindi. Markaz ochilish marosimiga qadar doimiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, Jahon musulmonlar ligasi Bosh kotibining O‘zbekistonga tashrifi masalalari o‘zaro kelishib olindi.
Malikaning e’tirofi
Shuningdek, Qirol Faysal nomidagi kutubxona hamda Saudiya Arabistoni qirollik oilasi vakillari, jumladan, malika Maxa bint Mishari Ol Saud bilan uchrashuvga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu muloqotlarda tomonlar Markaz tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, xususan, Movarounnahr sivilizatsiyalari tarixi bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqotlar doirasida akademik hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Tashriflar doirasida Saudiya Arabistoni qirollik oilasi vakili, akademik, Ar Riyoddagi Qirol Faysal universiteti amaldagi vitse-prezidenti Malika Maxa bint Mishari Ol Saud bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Malika Maxa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, islom madaniy merosini saqlash va o‘rganishning ahamiyatini ta’kidladi hamda ilmiy-ta’lim va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv davomida Qirol Faysal nomidagi kutubxonaga tashrif ham amalga oshirildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan kutubxonaga Katta Langar Qur’onining faksimile nashri va Markaz ishtirokida tayyorlangan bir qator ilmiy va nashriy asarlar topshirildi. O‘z navbatida Qirol Faysal nomidagi kutubxona O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondlariga kitoblar taqdim etdi, bu ikki tomonlama gumanitar va ilmiy almashinuvni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar Movarounnahr sivilizatsiyalari tarixi bo‘yicha Qirol Faysal nomidagi kutubxona bazasida maxsus kafedra ochish, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida ushbu yirik muassasasa bo‘limini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Bu tashabbuslar ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish, akademik tadqiqotlarni rivojlantirish va mintaqaning tarixiy-madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qaratilgan.
Poshshozoda nima deydi?
Markaz ochilishiga tayyorgarlik jarayoni doirasida Kavkaz Shayxulislomi, Ozarbayjon Respublikasi muftiysi Allohshukr Poshshozoda bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Ozarbayjon gumanitar va ma’naviy hamkorligini yanada mustahkamlash, shuningdek, yetakchi ozarbayjonlik olim va mutaxassislarning Islom sivilizatsiyasi markazi doirasida o‘tkaziladigan xalqaro forumlar va dasturlarda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, gumanitar va ilmiy loyihalarini rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan fan, madaniyat va ma’naviy meros sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Muftiy Poshshozoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining islom merosini o‘rganish va targ‘ib etishdagi harakatlarini yuqori baholab, uning madaniy va diniy muloqotni rivojlantirish hamda musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratdi.
“Qo‘shma ekspozitsiyalar – hamkorligimizning asosi”
Forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori va Jiddadagi Islom san’ati uyi direktori Mamduh Usmon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida muzey ishlari, islom madaniy merosini saqlash va targ‘ib qilish hamda qo‘shma ko‘rgazma, ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Memorandum imzolandi.
Imzolangan kelishuv ekspertlar tajribasi, ilmiy materiallar va muzey amaliyoti almashinuvi, shuningdek, vaqtinchalik va doimiy ekspozitsiyalar sohasida hamkorlikni nazarda tutadi. Belgilangan kelishuvlar doirasida Mamduh Usmon O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun bir qator artefaktlar nusxalarini taqdim etdi, bu Markaz ekspozitsiya fondini shakllantirish va uning ko‘rgazma konsepsiyasini boyitishda muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi muzey makonida inklyuzivlik tamoyillarini joriy qilishga qaratilgan bo‘lib, unda maxsus ehtiyojli mehmonlar uchun qulay muhit yaratish, inklyuziv ekspozitsion yechimlarni rivojlantirish va madaniy merosni keng auditoriyaga yetkazishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan XI Global forum yana bir bor O‘zbekiston faqat mintaqada emas, balki butun dunyoda ma’rifat, tinchlik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini ilgari surishda faol va ishonchli hamkor sifatida e’tirof etilayotganinin yaqqol isbotladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ushbu siyosatning mazmunli va strategik ifodasi sifatida global gumanitar muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
Rustam JABBOROV,
jurnalist.
O‘zA