Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – BMT: milliy islohotlar va global maqsadlar uyg‘unligi
16:45 / 2025-12-22

O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimiz global va mintaqaviy barqarorlik, inson huquqlari, barqaror rivojlanish, ijtimoiy himoya va ekologik xavfsizlik sohalarida BMT bilan yaqin hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda. Munosabatlar xalqaro huquq normalari, o‘zaro hurmat va ochiq muloqot tamoyillariga asoslanib, milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda global maqsadlarga erishishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumki, joriy yilning 28 oktyabr kuni poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan yangi Hadli dastur rasman imzolandi. Tadbir BMT tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilib, unda davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarning yuqori darajadagi vakillari ishtirok etdi. Yangi dastur BMT tizimiga kiruvchi 25 ta agentlik va jamg‘arma faoliyatini birlashtirib, 2026–2030 yillarda O‘zbekistonning milliy taraqqiyot maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, bunda “Yo‘l xaritasi” mamlakat taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ushbu hujjatda belgilangan oltita ustuvor yo‘nalish inson manfaatlari, jamiyat barqarorligi va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Samarali boshqaruv va adolat tizimi

Bu yo‘nalish davlat boshqaruvini yanada ochiq, shaffof va hisobdor qilishni nazarda tutadi. Bunda fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki, davlat xizmatlarining sifati va sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Hamkorlik doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar qo‘llab-quvvatlanadi. Bu esa fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mehnat va ijtimoiy himoya

Ushbu ustuvor yo‘nalish aholining munosib mehnat bilan bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishni o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va zaif ijtimoiy guruhlar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy nafaqalar va yordam tizimini manzilli qilish, mehnat bozoriga mos kasbiy tayyorgarlik dasturlarini rivojlantirish ham mazkur yo‘nalishning muhim vazifalaridandir.

Sog‘liqni saqlash va farovonlik

Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik aholi salomatligini yaxshilash, tibbiy xizmatlarning sifat va qamrovini kengaytirishga qaratilgan. Bunda birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, yuqumli va surunkali kasalliklarning oldini olish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali jamiyat farovonligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Inklyuziv va teng ta’lim

Mazkur yo‘nalish har bir fuqaroning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda ta’lim sifatini oshirish, raqamli va zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish muhim vazifalar qatoriga kiradi. Shu bilan birga, qishloq hududlarida ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, qizlar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun teng sharoit yaratish ham asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.

Iqlim harakati va atrof-muhit barqarorligi

Iqlim o‘zgarishi sharoitida ushbu yo‘nalish ekologik xavfsizlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Dastur doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, havo va suv ifloslanishini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish choralari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga moslashish va aholining ekologik ongini oshirishga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi.

Orolbo‘yi mintaqasining kompleks rivojlanishi

Orolbo‘yi masalasi dasturning eng muhim va alohida yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu hududda ekologik fojianing oqibatlarini yumshatish bilan birga, aholining yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Suv ta’minotini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlarini rivojlantirish orqali mintaqani barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘liga chiqarish maqsad qilingan.

Bu yo‘nalishlar O‘zbekistonning “Barqaror rivojlanish maqsadlari — 2030” milliy strategiyasi bilan chuqur bog‘langan bo‘lib, davlatning uzoq muddatli taraqqiyot rejalari bilan uyg‘unlashtiriladi. Mazkur dastur davlat, jamoatchilik, fuqarolik jamiyati va xalqaro sheriklarning hamohang faoliyatini ta’minlaydi. 

BMTning O‘zbekistondagi doimiykoordinatori Sabine Mahl ta’kidlashicha, dastur insonni taraqqiyot markaziga qo‘yadi. Ya’ni, mamlakatdagi har bir aholining jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash va ushbu jarayonlarda zaif va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni monitoring qilishga alohida e’tibor qaratiladi. 

Shu bilan birga, dastur kambag‘allikni qisqartirish va teng imkoniyatlar yaratishga ham qaratilgan, bu esa ijtimoiy adolatni kuchaytirish va barcha fuqarolar uchun haqiqiy imkoniyatlar yaratish uchun muhim bosqich sifatida baholanmoqda. 

O‘zbekistonda 2030 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan barqaror rivojlanish maqsadlari milliy darajada 16 ta maqsad va 125 ta vazifa bilan ifodalangan. Bu vazifalar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy farovonlik, infratuzilma va iqtisodiy o‘sishni o‘z ichiga oladi. 

Shuni alohida qayd etish kerakki, BMTning yangi dasturi nafaqat umumiy global strategiya bilan uyg‘un, balki mahalliy sharoit va aholi ehtiyojlariga aniq javob beradigan yo‘nalishlar bilan boyitilgan. Mazkur hamkorlik mexanizmi mamlakatning ma’nan va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Ushbu dasturning qabul qilinishi BMT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi izchil va samarali hamkorlikning davom etuvchanligini ko‘rsatadi. 

Dilshod Hakimov, O‘zA