Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti: 34 yillik hamkorlik tajribasi va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining ekspertlari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonning tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi doirasida dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan ochiq, konstruktiv va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar orqali mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlashda muhim qadamlar tashlanmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston xalqaro darajada tashabbuslarni faol ilgari surayotgani, mintaqaviy va global masalalarni hal etishda mamlakatimiz nufuzi oshib borayotgani alohida qayd etildi.

Mamlakatimizning BMT doirasidagi tashabbuslari rezolyutsiya sifatida qabul qilinayotgani, xususan, ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida O‘zbekistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish hamda parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA