Mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi munosabatlar 1992-yil 2-martda O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan kundan boshlab izchil va samarali rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik hamda xavfsizlik sohalarini qamrab olgan. Mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalkaro munosabatlar kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar buyicha falsafa doktori Hilola Mustapova bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekistonning BMT doirasidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbuslari, jumladan Afg‘onistonda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi say’i xarakatlarini qanday baholaysiz?
– 2017-yildan boshlab O‘zbekiston ochiq, pragmatik va mintaqaviy hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat yurita boshladi. Bu jarayon mamlakat rahbariyatining BMT minbaridan ilgari surgan tashabbuslarida yaqqol namoyon bo‘ldi. So‘nggi yillarda yurtimiz davlatlar o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash, bugunning dolzarb muammolari sirasiga kiruvchi masalalar, xususan xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, tabiiy ofatlar oqibatini bartaraf qilish, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, global muloqot olib borish va amaliy tashabbuslar ilgari surish, shuningdek inson huquqini himoya qilish masalalarida faol tashabbuskor sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida BMT bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, mamlakatimiz BMTning global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, xalqaro xavfsizlikka oid dolzarb muammolarni hal etishda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbuslari, jumladan Afg‘onistonda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, chegaraviy xavfsizlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. 2017-yil sentabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida ilk bor nutq so‘zlab, Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.
2018-yil BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo-tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot hududi” rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu hujjat O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinib, mintaqaviy hamkorlikka institutsional asos yaratdi. O‘zbekiston BMT minbaridan qator muhim tashabbuslar bilan chiqib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini mintaqaviy va global muammolarga qaratib kelmoqda. 2017-yil O‘zbekiston rahbari Bosh Assambleyada Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Rezolyutsiya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tomonidan qo‘llab‑quvvatlangan. Mazmunan, rezolyutsiya mintaqada iqtisodiy hamkorlik, siyosiy muloqot va ijtimoiy rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mamlakatimizda qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga mos keladi. Davlatimiz o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqda. Bu jarayon mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, xotin-qizlar huquqi va imkoniyatini kengaytirish, shuningdek ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar bilan uyg‘un olib borilmoqda.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi davlatimiz yetakchisi tomonidan 2017-yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleya 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Mazkur rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik”ka chaqirilgan. Ushbu muhim hujjat yoshlarning huquqini himoya qilish, sifatli ta’lim olishi va munosib ish bilan ta’minlanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yoshlar orasida radikallashuvning oldini olish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Mazkur tashabbus xalqaro ekspertlar tomonidan zamonaviy diplomatiyaning samarali yo‘nalishi – “soft power” usulining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi. Bu esa O‘zbekistonning global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga ma’rifiy yondashuvni ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarini namoyon etadi.
– O‘zbekistonning ushbu xalqaro minbardan bildirgan yoshlarga oid tashabbuslari haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalarda ham BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiyasi bo‘yicha mintaqaviy markaz bilan hamkorlikda samarali ish olib borilmoqda. Xususan, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarining preventiv diplomatiya bo‘yicha zamonaviy usullar va vositalar haqidagi bilimlarni oshirish maqsadida markaz bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuv mavjud. Ma’lumki, 2015-yil BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari” nomli strategiyasi e’lon qilingan. Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar insoniyatni ravnaq toptirishning 16 global maqsadiga erishish yo‘lida O‘zbekiston tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Yoshlar-2030 strategiyasi” doirasida respublikamizning yoshlarga oid tashabbuslari alohida e’tirof etib kelinmoqda. Bu yoshlar siyosati sohasidagi islohotlarimiz xalqaro maydonda yuksak baholanganini ko‘rsatadi. Mazkur strategiya 2018-yil 24-sentabrda Nyu‑Yorkdagi Bosh Assambleya sessiyasida Bosh kotib Antoniu Guterrish tomonidan rasman joriy etilgan. 2020-yil BMTning “Youth 2030” (Yoshlar-2030) strategiyasi doirasida O‘zbekistonning yoshlarga oid tashabbuslari alohida ta’kidlangan. 2025-yil o‘tkazilgan BMT sohaviy tadbirlari, masalan ECOSOC yoshlar forumida mamlakatimizning yoshlarga oid siyosati va amaliy tashabbuslari, jumladan “Yoshlar siyosati” sohasidagi faoliyat - “Youth 2030” strategiyasi doirasida e’tirof etilgan. O‘zbekiston milliy yoshlar siyosatini faol ilgari surayotgan davlatlar qatorida ekani, mintaqada esa yetakchi o‘rin egallagani qayd qilingan.
– O‘zbekiston BMT doirasida so‘nggi yillarda qanday taklif va tashabbuslar ilgari surdi?
– O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi bilan faol hamkorlik qilib, inson huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha islohotlar o‘tkazmoqda. Xususan, 2021-yil Inson huquqlari bo‘yicha Kengashga a’zo bo‘lish orqali O‘zbekiston mintaqada va xalqaro miqyosda ushbu sohadagi hamkorlik va siyosiy muloqotni mustahkamlash, shuningdek milliy inson huquqlari tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘ldi.
Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) bilan hamkorlikda mamlakatda aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, yoshlar bandligini oshirish va gender tenglikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston Atrof-muhit bo‘yicha dastur (UNEP) bilan ekologik loyihalar amalga oshirmoqda. 2018-2021-yillari O‘zbekiston Orol bo‘yi hududini ekologik innovatsiya va texnologiya hududi, deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu qaror global ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari respublikamizda global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqlarida qayd etilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumi, jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish kabi takliflar ham global muhokamalardan o‘rin olgan.
O‘zbekiston yoshlar huquqini xalqaro miqyosda himoya qilish maqsadida Yoshlar huquqi to‘g‘risida konvensiya qabul qilishni taklif qildi. Bu hujjat yoshlar uchun ta’lim olish, bandlik, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya huquqlarini xalqaro darajada mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida BMT huzurida Markaziy Osiyo bo‘yicha Terrorizmga qarshi maxsus markaz tashkil etish tashabbusini ham ilgari surgan.
2025-yil 28-29-aprel kunlari BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan “Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha Harakatlar dekadasi” nomli rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu hujjat 2027-2036-yillarni jahon miqyosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash harakatlari dekadasi sifatida e’lon qilishni ko‘zda tutadi. Rezolyutsiyaga 80 dan ortiq mamlakat, jumladan Markaziy Osiyo, Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalardan ko‘plab davlatlar hammualliflik qilgan. Hujjat aholi, xalqaro tashkilotlar va davlatlarni, kuch va resurslarni birlashtirib, barqaror o‘rmon xo‘jaligi va o‘rmonlarni tiklash chora‑tadbirlarini jadallashtirishga yo‘naltirilgan.
E’tirof etish kerak, O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma vakolatxonasi ish boshladi. 2025-yil Samarqandda, 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida YUNESKO 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda 194 a’zo davlat delegatsiyalari ishtirok etdi.
2025-yil 24-oktabrda BMT bilan O‘zbekiston o‘rtasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish hamkorlik hujjati (UNSDCF) imzolandi. Ushbu reja kambag‘allikni qisqartirish, adliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologik barqarorlik va Orol dengizi mintaqasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlardagi qo‘shma ishlarni o‘z ichiga oladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning BMT doirasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda konstruktiv muloqot, o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni rag‘batlantiruvchi muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatning global siyosatdagi nufuzi va mas’uliyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.
– Bugungi geosiyosiy raqobat keskinlashayotgan xalqaro munosabatlar tizimida BMTning o‘rni har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuzilma o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni qay darajada bajara olyapti?
– Global keskinlik sharoitida BMT nafaqat xalqaro muloqot maydoni, balki umuminsoniy qadriyatlarni himoya qiluvchi va dunyoda barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi yetakchi institut sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi zarur. Tashkilot xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, inson huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan universal tuzilma sifatida global boshqaruv tizimining ajralmas qismi hisoblanadi.
Xususan, xalqaro mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish va gumanitar inqirozlarga javob qaytarishda tashkilotning imkoniyati beqiyos. Shuningdek, BMT doirasida qabul qilinayotgan rezolyutsiyalar va xalqaro huquq normalari davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda huquqiy asos yaratib, barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Shu bilan birga zamonaviy tahdidlar – terrorizm, iqlim o‘zgarishi, kiber xavfsizlik muammolari va global iqtisodiy beqarorlik kabi omillar sharoitida BMTning isloh qilinishi, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.