O‘zbekiston va BMT ayollar tuzilmasi o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, munosib ish o‘rinlari yaratish kabi yo‘nalishlar yanada rivojlantiriladi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va BMT ayollar tuzilmasining O‘zbekiston bo‘yicha menejeri Jeren Guven Gures uchrashuvida aynan shu masalalar e’tibor markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatida gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlatlardan biri sifatida aniq chora-tadbirlarni, jumladan, 2030 yilgacha bo‘lgan gender tenglikka erishish bo‘yicha strategiyani amalga oshirayotgani qayd etildi. “O‘zbekiston–2030" strategiyasida belgilangan vazifalar BMTning g‘oyalari bilan hamohang ekani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan rejalar, hamkorlikda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA