Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ga a’zo davlatlar Bosh assambleyasi yig‘ilishining 66-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Sessiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan A.Toshqulov O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, sohani raqamlashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

BIMT Bosh direktori Daren Tangning joriy yil may oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan muhim kelishuvlar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir doirasida Adliya vazirligi delegatsiyasi Yevrosiyo patent tashkiloti (YPT) rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda 2024 yilda bo‘lib o‘tgan sessiya doirasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi.
Adliya vaziri A.Toshqulov va YPT prezidenti Grigoriy Ivliyev ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, sanoat mulki sohasida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA