Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston bilan Indoneziya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi
21:48 / 2021-05-17

Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahmat Gobel boshchiligidagu delegatsiya 17 may kuni “O‘zkimyosanoat” AJ rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston va Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganligi, jumladan, 2020 yilda Indoneziya Respublikasiga 90 ming tonna kaliy mineral o‘g‘iti yetkazib berilganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, suhbat chog‘ida kimyo mahsulotlari, ya’ni karbamid, azot kislotasi, kaustik soda va boshqa turdagi kimyoviy mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish hamda import bo‘yicha shina va konveyer lentalarini ishlab chiqarish uchun Indoneziyadan yiliga 5000 tonna tabiiy kauchuk mahsulotini sotib olish taklifi ilgari surildi.

Rahmat Gobel bugungi kunda Indoneziyada mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab yiliga 15 million tonnani tashkil etayotgani, shuning asosiy qismi murakkab turdagi mineral o‘g‘itlarga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. Shu sababli O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor ekanligini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan kaliyli mineral o‘g‘itlarni Indoneziya Respublikasiga eksport qilishni kelgusida yiliga 100-200 ming tonnaga oshirishga tayyorligi ma’lum qilinib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni vositachi tashkilotlar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lishi aytib o‘tildi.

“Navoiyazot” AJda ishga tushirilgan yangi karbamid mahsuloti bugungi kunda Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda. Yaqin kelajakda 100-200 ming tonna karbamid mahsulotini Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlariga, jumladan Indoneziya Respublikasiga eksport qilish imkoniyati borligi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan O‘zbekistonda yiliga bir million tonna paxta tolasi yetishtirilishi va uni qayta ishlash ko‘rsatkichlari oshirilishini, hamda aralashma matolar ishlab chiqarish uchun, Indoneziya kompaniyalari bilan hamkorlikda poliester, viskoza va atsetat tolalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif bildirildi.

Uchrashuv davomida “Dehqonobod kaliy zavodi” AJni xususiylashtirish jarayonida Indoneziya kompaniyalari, xususan Pupuk Indonesia xolding kompaniyasi ishtirok etib, kelajakda ishlab chiqarish quvvatlarini birgalikda oshirish hisobiga Indoneziya Respublikasiga kaliyli o‘g‘itlar eksporti hajmini oshirish fikri bildirildi.

Kimyo mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, o‘zaro savdo operatsiyalarini kengaytirish maqsadida Indoneziya Respublikasida “O‘zkimyosanoat” AJning rasmiy savdo uyini ochishni o‘rganib chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Saidmurod Rahimov, O‘zA