Toshkentda o‘tgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha ikkinchi global forum doirasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Valeriy Belskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Belarus munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Mamlakatlar biznes doiralari, ayniqsa, ishbilarmon xotin-qizlar o‘rtasida bugun o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bunda tadbirkor ayollar biznes-forumi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylangan.
Oliy darajada erishilgan iqtisodiyot, savdo va sanoat sohalaridagi kelishuvlar ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish bilan birga ularni huquqiy jihatdan ta’minlashda sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida parlament tuzilmalari doirasida tomonlarning tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA