French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Belarus ta’lim forumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
17:11 / 2025-10-06

2025 yil 7-8 oktyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston – Belarus ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari Farg‘ona davlat universitetiga tashrif buyurib, universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov hamrohligida forumga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.  

Forum doirasida asosiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan binolar, zallar va ochiq maydonlar ko‘rib chiqildi. Ikki millatning xalq qo‘shiqlari ijrosiga tayyorgarlik, Belarus xalq shoiri Yakub Kolas nomidagi xona ochilish marosimi, konferensiya va shu’ba yig‘ilishlari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik doirasida imzolanadigan shartnomalar marosimlari uchun mo‘ljallangan joylar, madaniy va sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan maskanlar o‘rganildi.

Forum O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-innovatsion aloqalarni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Nilufar Bozorova, O‘zA