Farg‘ona yana bir forumga mezbonlik qilmoqda. Bu gal Farg‘onada “Innovatsion hamkorlik: oliy va kasbiy ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus forumi” bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari bo‘lgan Belarusning ellikka yaqin oliy va kasbiy ta’lim o‘quv yurtlarining rektor hamda direktorlarini mamlakatimizdagi hamkasblari tantanali kutib oldilar.
Shu yerning o‘zida farg‘onalik talabalar ijrosida yangragan beloruscha qo‘shiq tadbirga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Farg‘ona davlat universitetida Belarus xalq shoiri “Yakub Kolas auditoriyasi” tantanali suratda ochildi. Bu yerga shoir hayoti va ijodi haqidagi eksponatlar qo‘yilgan. Belarusdan kelgan mehmonlar O‘zbekistonda Yakub Kolasga bo‘lgan izzat-ikromdan hayratga tushdilar.

Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchi va talabalari dronlarni yasash va boshqarish markaziga asos solgan edilar. Forum qatnashchilari bu ko‘rgazmani zavq bilan tomosha qildi. Ayniqsa, dronlarning favqulodda vaziyat va sharoitlardagi ko‘rgazmali harakati belarus olimlarida alohida qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston – Belarus oliy hamda kasbiy ta’lim ikkinchi forumining yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

– Barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’limdagi hamkorlik ham ikki davlat prezidentlarining tashabbuslari natijasidir, – deydi O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sarvar Rajabov. – Sakkiz yil avval birinchi forumda qabul qilingan barcha kelishuvlar, jumladan talabalar almashinuvi, o‘qituvchi- professorlar malakasini oshirish, ilmiy loyihalarning hamkorlikdagi ijrosi – bular endi o‘tmish. Bugun biz ertangi kun rejalarini tuzamiz.
Forumda so‘zga chiqqanlar ikki mamlakat oliy va kasbiy ta’lim tizimidagi hamkorlik ayniqsa, shu kunlar uchun o‘ta muhimligini ta’kidladilar.

– Belarus universitetlarida sanoat va informatsion texnologiya sohalari juda rivojlangan. Ma’lumki, oliy ta’lim ilm va yuqori innovatsiyalardan alohida rivojlana olmaydi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Majidov. – Belarusda bundan tashqari kasbiy ta’lim ham yuqori darajada. Mutaxassisliklarni takomillashtirish, universitet va kollejlarda zamonaviy laboratoriyalar yaratish, ilmiy tadqiqotlar – bularning hammasini birgalikda olib borishadi. Agar biz bu sohalarda hamkorlik qilsak, har ikki tomonga foydali. Pirovard natijada talabalar malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda kasbiy ta’lim texnikumlari ish boshladi. Ularga tajriba va malaka, dasturlar zarur. Belarusda esa maxsus ixtisoslashgan kasbiy ta’lim instituti mavjud va u o‘z xizmatlarini taklif etdi.

– O‘zbekistonlik kollej bitiruvchilariga Belarus oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi yoki masofaviy oliy ta’lim olish imkoniyatini taklif etyapmiz. Bu sohada, ayniqsa, masofaviy uslubda ta’lim berishda katta tajribaga egamiz, – deydi Grodno davlat universiteti rektori Irina Kiturko. – 25 yildan buyon dunyoning qator mamlakatlari yoshlari bizning oliy o‘quv yurtida tahsil olib bakalavr diplomiga ega bo‘ldilar. O‘zbekistonda kasbiy o‘rta ta’lim olgan yigit-qizlarga bizning universitetimizni tugatgach xalqaro maqomdagi oliy ta’lim diplomi beriladi.
Forumning dastlabki yalpi majlisi natijalari shunday bo‘ldi: endi O‘zbekiston va Belarus oliy o‘quv yurtlari talabalar almashinuvini bir yilgacha muddatga belgilashlari mumkin. Belarus kasbiy ta’lim tizimi O‘zbekiston texnikumlari uchun qo‘llanma, darslik, uslubiyatda hamkorlik qiladilar, ikki davlat olimlari mavzularni birgalikda tadqiq qilish markazlarini tuzadi.

Forum davomida O‘zbekiston va Belarus oliy va kasbiy ta’lim tizimi rahbarlari kelishuvlar yuzasidan yo‘l xaritasini almashdilar.
– Biz avvalo har qanday byurokratiyadan tashqarida bo‘lgan mintaqalararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilishidan manfaatdormiz. Ikki davlat rahbarlari olib borayotgan siyosat ham aynan mintaqalarning hamkorligini kuchaytirishga qaratilgani quvonchlidir, – deydi Belarus informatsion texnologiyalar va radioelektronika universiteti rektori Vadim Bogush. – Jumladan, O‘zbekiston-Belarus ta’lim sohasida ham mana shunday hamkorlik asosi yaratilgan. Bugungi kabi forumlar yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilm- fanni rivojlantirish, kasbiy ta’limga urg‘u berish kabi masalalarni hal etishda katta ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, o‘zbek talabalarining Belarusda va Belarus yoshlarining O‘zbekistonda ta’lim olishi davlatlararo strategik siyosatning bir yo‘nalishidir.
Bag‘rikenglik, millatlararo hamjihatlik birgalikda yaratilgan bog‘larda ham ifodasini topadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Forum tashkilotchisi manzilida O‘zbekiston–Belarus ta’lim sohasidagi hamkorlikning “Do‘stlik bog‘iga” asos solindi.
Forum ertaga o‘z ishini davom ettiradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GzVoTWvsJf4" title="O‘zbekiston–Belarus: oliy va kasbiy ta’limdagi hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA