Belarus Respublikasi Brest viloyati delegatsiyasi Buxoroda bo‘ldi. Delegatsiya vakillari dastlab “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon tumani hududida faoliyat yuritayotgan “Siyovush Tekstil Buxoro”, Buxoro shahridagi “Bukhara Cotton Textile”, “Buxoro Agroklaster DZZ” korxonalari, Buxoro tumanidagi “Buxoro-Varnet” xorijiy korxonasi, shuningdek, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Muloqot avvalida viloyat rahbari O‘zbekiston-Belarus do‘stlik va sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tarixiy tashrif doirasida Buxoro viloyati hokimligi va Brest ijroiya qo‘mitasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirganini e’tirof etdi.
Buxoro viloyati bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 2023 yilda 9,4 million dollarga yetgan, xususan, eksport hajmi 2 million dollarni, import hajmi esa 9,1 million dollarni tashkil etadi. 2022 yilning shu davriga nisbatan 112 foizga o‘sgan. Yaqin yillarda tashqi savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ikki hudud o‘rtasida investitsiyaviy, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimligi Buxoro va Brest viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, shuningdek, ta’lim va sport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan barcha tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida Brest viloyati gubernatorining mintaqalararo hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Gorodetskiy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Ikki tomonlama manfaatli hamkorlik o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik an’analarini asrab-avaylashda muhim o‘rin tutishini, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan Brest viloyati ham manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.
Tomonlar sheriklikning dolzarb masalalari ustida ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sog‘liqni saqlash hamda Buxoro va Brest shaharlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri