Toshkentda O‘zbekiston – Belarus biznes forumi va ikki mamlakat ishbilarmonlarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bosh vazir Roman Golovchenko boshchiligidagi Belarus Respublikasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyati va ko‘p qirrali o‘zaro hamkorligi ko‘lamini yaqqol namoyon etdi.
Ikki davlat vazirlik, idoralari, biznes doiralari hamda sanoat birlashmalari vakillari ishtirok etgan anjumanda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
Har ikki tomon tadbirkorlariga qo‘shimcha imkoniyat yaratish muhimligi ma’qullandi. Mamlakatimizda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov respublika iqtisodiyotida xususiy sektorning rolini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani, shu munosabat bilan investitsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar faol ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subektlariga soliq yukini kamaytirish, xususiy mulk va xorijiy kapitalni huquqiy himoya qilish mexanizmini kuchaytirish, shuningdek, har bir viloyat, tuman va shahar negizida mavjud iqtisodiy zaxira imkoniyatlarini aniqlash, bunday resurslardan oqilona foydalanish kabi masalalar ham diqqat markazida bo‘ldi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, biotibbiyot va axborot texnologiyalari sohalari sanab o‘tildi.
Qayd etish kerak, mamlakatimizning Belarus Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlari izchil rivojlanmoqda. Masalan, 2017 yildan buyon ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida umumiy hisobda 25 dan ziyod tashrif amalga oshirilgan. 2018-2019 yillarda oliy darajadagi tashriflar doirasida forum va milliy ko‘rgazma tadbirlari o‘tkazilgan.
bugungi kunga kelib O‘zbekiston hududida Belarus ishtirokidagi 107 korxona faoliyat yurityapti.
Anjumanda, shuningdek, tegishli tarmoq birlashmalari rahbarlarining taqdimot tarzidagi ma’ruzalari tinglandi.
Yigirmadan ortiq sanoat korxonasi ishtirok etgan forum yakunida O‘zbekiston va Belarus kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 15 million dollardan oshadigan yettita bitim imzolandi.
V2V shaklidagi uchrashuvlar ikki tomon biznes vakillariga o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi.
Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA