Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston bayrog‘i VII “Osiyo bolalari” ishtirokchilariga topshirildi
10:39 / 2022-07-25

Xabar berganimizdek, yana 4 kundan so‘ng Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida VII “Osiyo bolalari” sport o‘yinlari boshlanadi.

14-16 yoshli o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tadigan “Osiyo bolalari” sport o‘yinlarida mamlakatimizning 174 nafar, shudan 101 nafar o‘g‘il bola, 73 nafar qizlardan iborat jamoa 17 ta sport turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qiladi. 

24 iyul kuni poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazida Vladivostok musobaqalarida qatnashadigan yosh sportchilarni “Osiyo bolalari” sport o‘yinlariga kuzatish marosimi tashkil etildi.

Unda sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, vazir o‘rinbosarlari Shahrullo Mahmudov va Murodjon Ismoilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari Sherzod Toshmatov va Aziz Komilov, taniqli sportchilar, mutasaddilar, sportchilarning ota-onalari ishtirok etdi. 

Vazir mamlakatimiz sport delegatsiyasining bayroqdori, boks bo‘yicha Osiyo chempioni Temur Abduvahobovga O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali ravishda topshirdi. 

Marosimda Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashitov, Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori, professional boks bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev, sportchilarning ota-onalari nomidan Nasiba Saidvaqqosovalar so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan yosh sportchilarga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlarga munosib bo‘lish, nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.  

Eslatib o‘tamiz, “Osiyo bolalari” o‘yinlarida 10 tadan ziyod mamlakatning 1 ming 400 nafarga yaqin sportchilari 19 ta sport turidagi 273 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib boradi. O‘yinlar 28 iyul – 8 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. 

O‘zbekiston sport delegatsiyasi Vladivostokka 27 iyul kuni jo‘nab ketadi. 


T.Ro‘ziyev, O‘zA