So‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan O‘zbekiston va Tojikiston hamkorlik aloqalari barcha sohalarni qamrab olmoqda. Ikki mamlakat madaniy-adabiy aloqalari mustahkamlanib borayotgani quvonarli. Ta’kidlash o‘rinliki, ikki respublika Yozuvchilari va Jurnalistlari uyushmalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolangan, adiblar va jurnalistlarning bordi-keldisi, muloqotlari, kitoblar almashuvi doimiy tus olgan.
Kuni kecha Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda Toshkentda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida musiqiy san’at sohasida ijodiy aloqalarni mustahkamlash, ayniqsa, yosh kompozitorlar uchun kasbiy kurslar tashkil etish, mushtarak konsertlarni uyushtirish, ijodiy safarlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama etildi. Keyingi oyda Dushanba shahrida o‘zbek kompozitorlarining mehmon bo‘lishi va konsert berishlari rejalashtirildi. Ta’kidlash joizki, o‘tgan 2022 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishining 30 yilligi munosabati bilan Toshkentda ikki tomon san’at ustalarining katta konserti tashkil etilgan edi. O‘sha kunlari O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi va Tojikiston ohangsozlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolangan edi.
Shoqahhor Salimov, O‘zA