Global siyosiy jarayon shiddat bilan kechayotgan, geosiyosiy qarama-qarshiliklar chuqurlashayotgan hozirgi sharoitda har bir davlat uchun aniq strategik yo‘nalish, muvozanatli tashqi siyosat va uzoqni ko‘zlagan yondashuv hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday murakkab va ziddiyatli davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan navbatdagi Murojaatnoma mamlakatning ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor maqsadlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalarni qamrab olgan muhim siyosiy hujjat sifatida namoyon bo‘ldi.
Aytish joiz, mazkur murojaatnoma nafaqat yil yakuni bo‘yicha hisobot, balki yurtimizning sifat jihatidan yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tishini ifodalovchi strategik dastur vazifasini o‘taydi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti Shoislom Akmalovning Prezident Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, nutqda ilgari surilgan muhim tashqi siyosiy tashabbuslarning mintaqaviy va global ahamiyati xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi muayyan ma’noda o‘tgan davrda sobit qadamlik bilan tashqi siyosat sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli, sermazmun va samarali, mamlakat farovonligi, jamiyat ro‘shnoligini ta’minlash g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan faoliyatning haqiqiy in’ikosi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining bu galgi chiqishi har yilgi siyosiy murojaatlardan ko‘ra kengroq ma’no anglatadi.
Aytish mumkinki, ushbu murojaatnoma taraqqiyotning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi, islohotlar institutsionalizatsiyalashishi, barqaror, uzoq muddatli o‘sish modeli shakllanishini belgilovchi strategik hujjatdir.
Murojaatnoma ko‘p yil mobaynida yechimini topmagan keskin siyosiy-iqtisodiy ziddiyatlar, paysalga solingan ehtimoliy murosalar makoni sifatida baholangan mintaqa rasmiy Toshkentning azmi qarori ila barqaror, pragmatik, yaqin va uzoq muddatga yo‘naltirilgan o‘zaro birikuvini anglatuvchi arxitekturasi shakllana boshlanganidan ham darak beradi.
Xususan, o‘tgan yil 31 mart kuni imzolangan Davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnoma, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi jahon hamjamiyati tomonidan xayrli yo‘lda qo‘yilgan dadil qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Qozog‘istonlik ekspert Beshimbek To‘qtaqulov shunday deydi:
– Shavkat Mirziyoyev 2016 yil dekabr oyida hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari, mintaqaviy va tashqi kuchlar hamda xalqaro institutlar bilan munosabatida sezilarli ijobiy o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlandi. Bu holat ko‘pchilikni mamlakat tashqi siyosatida sezilarli va muhim jarayon kechayotgani haqida fikr bildirishga undamoqda.
Markaziy Osiyoda chinakam xavfsiz, farovon hayot barpo etish, mamlakatlarimiz o‘rtasida teng huquqli, odilona munosabatga erishish yo‘lidagi yana bir fundamental voqea O‘zbekistonning mintaqa davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlariga raisligidir. O‘tgan davrda 20 nomdan iborat tadbirlar majmuasi deyarli barcha strategik sohalarni qamrab olib, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, jamiyatlar oldidagi mas’uliyatni ta’kidlash, mintaqada amaliy barqarorlikka erishish kabi o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishga xizmat qildi.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlari gultoji sifatida 2025 yil 16 noyabr kuni Toshkentda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari VII maslahat uchrashuvidan so‘ng qator muhim hujjatlar imzolangani e’tiborga molik. Mazkur muloqot yakuni bo‘yicha tomonlar Qo‘shma bayonot, shuningdek Qirg‘izistonning 2027-2028 yillarda Xavfsizlik Kengashi doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun BMT a’zo-davlatlariga murojaat imzoladilar. Bundan tashqari Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlariga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi ham tarixiy voqelikdir.
Qo‘shma bayonot doirasida yetakchilar ikki strategik hujjat – “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish konsepsiyasi”, shuningdek, “2026-2028 yillarda mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va xavflarning oldini olish choralari katalogi”ni qabul qildilar. Ta’kidlanishicha, tasdiqlangan hujjatlar mintaqada siyosiy muloqotni mustahkamlash, transchegaraviy tahdidlarga jamoaviy javob berish mexanizmini takomillashtirish va mamlakatlarimiz barqaror hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan.
Bunday oqilona siyosatning yaqin va o‘rta muddatdagi mantiqiy davomi Prezidentimizning “Yaqin qo‘shnilarimiz bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz” degan gapida aksini topgan.
AQSH Tashqi siyosat kengashi qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti direktori Svante Kornell e’tirof etganidek, “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosati qayta tiklanayotgan mintaqaviylik (regionalizm) omili sifatida Markaziy Osiyo salohiyatini yanada keng namoyon etadi.
Ma’lumki, Afg‘oniston masalasi doimo O‘zbekiston tashqi siyosati diqqat markazida. O‘tgan tarixiy davrda rasmiy Toshkent afg‘on diyorida hukmronlik qilgan turli siyosiy kuchlar bilan o‘zaro manfaatli, mintaqada tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga yo‘naltirilgan o‘ta nozik siyosatni amalga oshirib keldi. Bunday yo‘l tutilishining asosiy sababi afg‘on zamini va Pokiston hududidan ochiq suv hududiga chiqish, shu tariqa mamlakatimiz iqtisodiyoti, savdo aloqalarini keng ko‘lamda rivojlantirish muhim strategik vazifa sifatida qaralishi bilan bog‘liq.
Respublikamiz Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi, deya ta’riflanib, afg‘on xalqi bilan o‘zaro mushtarak tarix, madaniyat, din omillaridan foydalanib, yaqin aloqalar o‘rnatishga intilmoqda. Bunday adolatli yondashuv natijasi o‘laroq, o‘zaro ishonch va manfaatli sharoit uchun puxta zamin yaratish imkoni paydo bo‘ldi. Endilikda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan odilona munosabat rivojlanishi uchun insonparvarlik g‘oyasi va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan amaliy siyosat olib bormoqda. Xususan, Tolibon hukumati bilan o‘rnatilgan munosabat ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan an’anadan chetga chiqish emas, balki Toshkentning keyingi yillarda mohirona amalga oshirayotgan aniq prinsip va pragmatizmga asoslangan, muvozanatlashtiruvchi strategik doktrinasi davomidir.
So‘nggi payt Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi voqealar ham ko‘pchilikning e’tiborini jalb qilmoqda. Geosiyosat, mudofaa, iqtisodiyot, ijtimoiy va ekologik masalalarni tadqiq qiluvchi “The Diplomat” jurnali Xalqaro ilg‘or tadqiqotlar instituti – “Institute for Advanced International studies” yetakchi ekspertlariga tayanib, jumladan shunday yozgan:
– Xalqaro hamjamiyat faol bo‘lmasa-da, O‘zbekistonning harakatlari (Afg‘oniston masalasida – tahririyat) oxir-oqibat keng ko‘lamli mintaqaviy qayta qurishni jadallashtirishi, boshqa davlatlarni ham ayni jarayonga daxldor qilishga yo‘naltirilgan hamkorlik siyosatini yuritishga undashi mumkin.
Mamlakatimiz tashqi siyosatida ushbu qardosh qo‘shni davlat mavzusi bundan keyin ham ustuvor maqom kasb etishi Prezidentimiz Murojaatnomasida quyidagicha o‘z in’ikosini topdi:
– Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qoladi.
So‘nggi yillarda diyorimiz ko‘p qirrali tashqi siyosatda ancha ilgarilagani xalqaro miqyosda haqli ravishda e’tirof etilyapti. Bunday serqirra va xolis faoliyat hosilasi sifatida yurtimiz nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoda, balki global darajada ham o‘ziga xos siyosiy obro‘ qozonib, aniq belgilangan manfaatni himoya qila oladigan, ustuvor vazifalarni bajarishni uddasidan chiqadigan faol diplomatiyaga ega davlat sifatida gavdalanmoqda.
Shu nuqtai nazardan yillar davomida davlat imijini yuksaltirish uchun qilingan uzluksiz mehnat evaziga orttirilgan tajriba va yurtimizning xalqaro maydondagi mavqeini inobatga olgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada “Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishini ta’kidlagani bejiz emas.
Binobarin, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi-2030” doirasida o‘rta va uzoq muddatga belgilangan vazifalar qatori MDH, Yevropa Ittifoqi, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, Afrika mintaqasida hamda Amerika mamlakatlari, xususan AQSH bilan yangi davrda strategik sheriklik va har tomonlama hamkorlik ko‘lamini tobora kengaytirish belgilangan. Zero, Xalqaro munosabatlarning faol sub’ektlari bo‘lgan bu mamlakat va mintaqalar bilan yaqin aloqalar O‘zbekistonimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori yanada oshishiga olib keladi. Respublikamiz siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini ko‘tarishga muayyan shart-sharoit yaratadi.
O‘tkir Alimov yozib oldi. O‘zA