English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2021 yilgi rejalari
15:32 / 2021-02-01

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan vazifalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, 2021 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyati qizg‘in kechadi. O‘tgan 2020 yilda mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, akademik badiiy ta’lim sifatini oshirishga oid Prezidentimizning 1 ta qarori va Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilindi.

2021 yilda ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash izchil davom ettiriladi. Jumladan, soha bo‘yicha yosh iste’dodli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aprel oyida an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.

Yosh iste’dodli ijodkorlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati asarlari ijodiy tanlovi tashkil qilinadi.

Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan iste’dodli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasi uchun tanlov o‘tkaziladi.

Dunyoning turli mamlakatlaridagi vatandoshlarimiz farzandlari uchun "O‘zbekiston madaniy merosi" nomli fotosuratlar onlayn tanlovi tashkil etiladi.Toshkent shahrida III Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Joriy yilda Badiiy akademiya tasarrufidagi ta’lim muassasalari bilan bog‘liq ulkan ishlar amalga oshiriladi.

Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Toshkent viloyati Nurafshon shahrida ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati tashkil etiladi. Prezidentimizning ushbu qarori asosida yana Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabining 200 o‘rinli o‘quvchilar yotoqxonasi mukammal ta’mirlanadi.Qo‘qon ixtisoslashtirilgan san’at maktabida qo‘shimcha o‘quv binosi quriladi.

Ta’lim faoliyatining ikki turidan iborat bo‘lgan Pavel Benkov nomidagi O‘zbekiston davlat rassomlik oliy maktabini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini jahon andozalariga mos ravishda mustahkamlash bo‘yicha taklif loyihasi ishlab chiqilayapti.

2021 yilda tizimdagi tashkilotlar, xususan, Kamoliddin Behzod nomidagi  Sharq miniatyura san’ati muzeyi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi  faoliyatini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga oid ishlar amalga oshiriladi. Hududlarda san’at galereyalarini qurish ishlari davom ettiriladi. Bu yil Jizzax va Farg‘ona viloyatida Badiiy akademiya o‘z galereyasiga ega bo‘ladi.

Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi, O‘zbekiston xalq artistlari Olim Xo‘jayev va Soyib Xo‘jayev tavalludining 110 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad, atoqli olimlar Sa’di Sirojiddinov va Ibrohim Hamroboyev tavalludining 100 yilligi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Shavkat Rahmon tavalludining 70 yilligi munosabati bilan yodgorlik lavhalari tayyorlanadi.  

Ayni paytda Moskva shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalini yaratish, poytaxtimizning Olmazor tumanida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi ishlarida Badiiy akademiya faol ishtirok etmoqda.

2021 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qutlug‘ sana – mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan manfaatdor muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda mustaqillik mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festival va an’anaviy ko‘rgazmalarni, ijodiy loyihalarni o‘tkazadi.

Anjumanda media tuzilma vakillarining savollariga batafsil javob qaytarildi.

 

N.Usmonova, O‘zA